Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Ukraina uchun kamida 6 milliard yevrolik harbiy yordam paketini hozirlashmoqda. Politico nashrining yozishicha, yangi yordam paketi AQSH vositachiligida Rossiya bilan muzokaralar boshlanishi oldidan Kiyevning strategik pozitsiyasini mustahkamlashi lozim.
Paket keng ko‘lamdagi harbiy mahsulotlar nomenklaturasini – bir yarim millionta artilleriya snaryadidan havodan mudofaa tizimlarigacha – o‘z ichiga olishi kerak. Bu Rossiyaning Ukrainaga qarshi 2022-yil fevralida boshlangan keng ko‘lamli bosqini boshidan buyon Yevropa Ittifoqining Ukrainaga eng yirik yordam paketlaridan biri bo‘ladi. Maqolada urg‘ulanishicha, paket Yevropa komissiyasining yuqori lavozimli vakillari Kiyevga boradigan 24-fevralgacha taqdim etilishi mumkin.
Politico nashining diplomatik doiralardagi ikki manbadan olingan ma’lumotga tayangan holda qayd etishicha, 6 milliard yevro boshlang‘ich mablag‘ bo‘lib, u mamlakatlar o‘z zaxiralarini har tomonlama reviziya qilganidan keyin “10 milliard yevro va undan ko‘proq”qacha ham ko‘tarilishi mumkin.
Harbiy yordamning yirik paketi 17-fevral kuni Parijda bo‘lib o‘tgan liderlarning oshig‘ich uchrashuvi chog‘ida konkret qarorlar qabul qilishga muvaffaq bo‘linmaganidan keyin YIning Ukrainani dastaklash qarorida qat’iy ekanini yaqqol ko‘rsatuvchi harakatlardan biri bo‘lgan bo‘lardi. YI AQSH va Rossiya o‘rtasida urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralardan chetda qolgan, bu esa YI mamlakatlari poytaxtlarida ham, Kiyevda ham sarosimaga sabab bo‘lgan, deya qayd etilgan Politico nashri maqolasida.
Harbiy dastakning oshirilishi Ukrainaga o‘z qurolli kuchlari safini to‘ldirish, Kiyev tinchlik muzokaralariga tayyorlanar ekan, front chizig‘ida Rossiya hujumlarini qaytarish va o‘z shaharlarini havo hujumlaridan himoya qilishga yordam beradi. Shuningdek, bu YIning o‘z delegatsiyasi bundan buyongi muzokaralarga qo‘shilishi zarurligiga oid dalillarini kuchaytirishi mumkin.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 18-fevral kuni Ar-Riyozda ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishgan.
Ukrainaga yordam bitimi YI mamlakatlarining barchasi tomonidan ma’qullanadimi yoki uni faqat bitimni qabul qilishni istaydigan mamlakatlar koalitsiyasigina dastaklaydimi − hozircha ma’lum emas. Diplomatlardan biriga ko‘ra, Vengriyaning qarshiligini hisobga olgan holda mazkur bitim YI mamlakatlarning barchasi tomonidan bir ovozdan ma’qullanishi ehtimoli kam.