Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:47

Yevropadagi uch o‘lka 28-maydan Falastin davlatini tan olmoqchi


Norvegiya, Ispaniya va Irlandiya hukumati rahbarlari 22-may kuni o‘z mamlakatlari Falastin davlati mustaqilligini tan olishini e’lon qilishdi. Mazkur qaror keyingi hafta — 28-maydan kuchga kiradi.

“Bu qarorni amalga oshirish uchun endilikda har birimiz zarur bo‘lgan qadamlarni qo‘yamiz”, deya bildirgan Irlandiya bosh vaziri Saymon Harris matbuot anjumanida.

Harrisga ko‘ra, bu qaror Falastin-Isroil mojarosini Falastin hududida Isroilga qo‘shni bo‘lgan mustaqil arab davlatini barpo qilish bo‘yicha rejani amalga oshirish yo‘li bilan hal qilishga ko‘maklashadi. Bunga oid boshqa tafsilotlar, masalan Falastin davlatining poytaxti deb qaysi shahar tan olinishiga oid ma’lumotlar keltirilgan emas.

Bu qadamga javoban Isroil Oslo, Dublin va Madriddagi o‘z elchilari chaqirib olinishini bildirgan.

Dublindan kelgan xabarni izohlarkan, Isroil TIV Irlandiya rasmiylarini HAMAS qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lmaslikka chaqirgan – AQSH va Yevropa Ittifoqida terror tashkiloti o‘laroq tan olingan mazkur guruh G‘azo sektorida hokimiyatni nazorat qiladi. Isroillik diplomatlar mustaqil Falastin davlatining tan olinishi Yaqin Sharqdagi har qanaqa tinchlik istiqbolini xavf ostiga qo‘yishini urg‘ulagan.

Falastin davlati mustaqilligini BMTga a’zo 193 ta mamlakatdan Xitoy va Rossiya doxil 138 tasi tan oladi. Ayni paytda Isroil, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya kabi mamlakatlar Falastin mustaqilligini tan olmay kelishadi.

Isroil Falastin muxtoriyati hududiga kiradigan G‘azo sektorida bir necha oydan buyon harbiy amaliyot o‘tkazib kelmoqda. Mazkur amaliyot HAMAS guruhining o‘tgan yil 7-oktyabrida Isroil janubiga uyushtirgan hujumiga javob o‘laroq boshlangan. O‘sha paytda jihodchilar hujumi tufayli 1200 nafar odam qurbon bo‘lgan, ikki yuz ellikka yaqin isroillik va xorijlik garovga olinib, G‘azo sektoriga olib chiqib ketilgan. Ularning yuzdan ziyodi taqdiri haqida hozirgacha hech narsa ma’lum emas.

Falastin davlati mustaqilligiga oid masala Isroil bilan bir qatorda falastinlik arablar davlati barpo qilinishi ko‘zda tutilgan “ikki xalq uchun ikki davlat” konsepsiyasi bilan bog‘liq. Bu konsepsiya 1967-yildagi olti kunlik urushdan so‘ng BMT Xavfsizlik kengashining 242-rezolyutsiyasi shaklida rasmiylashtirilgan. Ayni paytda bu masala yuzasidan Isroilda ham, Falastin siyosiy kuchlari orasida ham hech qachon yakdillik bo‘lgan emas: isroillik siyosatchilar mustaqil Falastin davlati Isroilga muntazam hujumlar uchun bazaga aylanishidan xavfsirashadi, falastinlik radikallarning ko‘pi esa yahudiy davlatining mavjudlik huquqini ham tan olishmaydi.

XS
SM
MD
LG