Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:23

YIdagi to‘rt davlat Gruziya uchun vizasiz tartibni bekor qilmoqchi


"Xorijiy agentlar" to‘g‘risidagi qonunga qarshi norozilik bildirayotgan talabalar Tbilisidagi Yevropa maydonida, 2024-yil may oyi
"Xorijiy agentlar" to‘g‘risidagi qonunga qarshi norozilik bildirayotgan talabalar Tbilisidagi Yevropa maydonida, 2024-yil may oyi

Yevropa Ittifoqiga kirgan to‘rt davlat — Estoniya, Hollandiya, Chexiya va Shvetsiya, Gruziya rasmiylari “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishgan taqdirda, gruziyalik fuqarolar uchun vizasiz tartibni bekor qilishni taklif etishmoqda. Bu haqda Financial Times nashri o‘z manbalaridan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.

Yevropa mamlakatlari “Gruziya hukumatiga bosim o‘tkazishning turli choralari”ni ko‘rib chiqishyapti, deyishgan mavzudan boxabar mulozimlar.

Bunga oid boshqa choralar orasida manzilli sanksiyalar va Yevropa Ittifoqi fondlarida ajratilgan mablag‘larni muzlatish kabilar bor. G‘oya tashabbuskorlari ularni YI tashqi ishlar vazirlarining keyingi haftada bo‘lib o‘tadigan uchrashuvida muhokama qilishmoqchi.

Qaror qabul qilinishi uchun YIga a’zo 27 mamlakatning roziligi kerak bo‘ladi. Biroq, Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, kamida bitta mamlakat — Vengriya Gruziya hukumatini dastaklayapti va hatto YIdagi barcha mamlakatlarga shunga o‘xshash qonun qabul qilishni taklif qilmoqda.

Avvalroq Yevrokomissiya Gruziya rasmiylarini “Xorijiy ta’sir shaffofligi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilishdan bosh tortishga chaqirgan. Tanqidchilar bu qonunni Rossiyadagi “xorijiy agentlar”ga oid repressiv qonunning muqobili, deb atashmoqda.

Yevrokomissiya rasmiy Tbilisi qarori “Gruziyaning yevropacha istiqboliga salbiy ta’sir ko‘rsatishi”ni qayd etgan, chunki mazkur qonun loyihasi fuqaroviy jamiyatga putur yetkazadi va OAV erkinligiga xavf soladi. O‘tgan yili Gruziya Yevropa Ittifoqiga kirish uchun nomzod maqomini olgan, biroq bu boradagi muzokaralar hali boshlangan emas.

Gruziya rasmiylarini bahsli qonunni rad etishga AQSH ham chaqirgan. Qo‘shma Shtatlar aks holda Gruziyaga berilayotgan ko‘p million dollarli yordam dasturini qayta ko‘rib chiqish va norozilarga qarshi qatag‘onga aloqador shaxslarga nisbatan sanksiyalar joriy etish bilan tahdid qilgan. Qonun loyihasi tashabbuskori bo‘lgan “Gruziya orzusi” hukmron partiyasi xalqaro bosimni qoralab chiqqan.

14-may kuni Gruziya parlamenti uchinchi, yakuniy o‘qishda “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qullagan. Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili unga veto qo‘ygan. Biroq “Gruziya orzusi” partiyasi prezident vetosini aylanib o‘tish uchun parlamentda yetarli ovozga ega.

Bahsli qonun loyihasi muhokamasi Tbilisi va Gruziyaning boshqa shaharlaridagi ko‘p ming kishilik norozilik chiqishlari manzarasida bo‘lib o‘tgan. Qo‘llarida Gruziya va Yevropa Ittifoqi bayroqlari bo‘lgan o‘n minglab norozi qariyb bir yarim oydan beri “Rossiya qonuni”ni qabul qilmaslik talabi bilan ko‘chalarga chiqmoqda.

Norozilik aksiyalari chog‘ida politsiya bilan to‘qnashuvlar bo‘lgan — huquq-tartibotchilar, rasmiylar fikricha, jamoat tartibini buzgan namoyishchilarga qarshi kuch ishlatishib, ularni qo‘lga olishgan.

XS
SM
MD
LG