Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:22

Yil boshidan buyon 163 nafar o‘zbekistonlik Turkiyaga kiritilmagan


Istanbul xalqaro aeroportidagi tablo (arxiv surati)
Istanbul xalqaro aeroportidagi tablo (arxiv surati)

Joriy yilning yanvar-fevral oylari mobaynida O‘zbekiston fuqarolaridan 163 nafari Turkiyaga kiritilgan emas. Bu haqda ma’lum qilgan O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi bu kishilarning 54 nafari muqaddam Turkiyaga kelib, qonunbuzarlik sodir etgani uchun kirishiga taqiq qo‘yilgan shaxslar ekaniga e’tibor qaratgan.

Bosh konsulxona bugungi kunda Turkiyaga kirish va chiqish chegara punktlarida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan mamlakatga kelayotgan xorijliklar qattiq tekshirilayotgani, mazkur amaliyot doirasida Istanbul xalqaro aeroportida asosan 20-35 yoshdagi xorijliklarga nisbatan nazorat tadbirlari kuchaytirilganini urg‘ulagan.

O‘zbek diplomatlariga ko‘ra, tekshiruvlar chog‘ida o‘z xatti-harakati bilan shubha uyg‘otgan shaxslar bilan migratsiya xizmati xodimlari tomonidan suhbat o‘tkazilib, shaxsiy uyali telefonlari tekshirilishi holatlari ham uchrayapti.

Terrorizm, odam savdosi va boshqa jinoyatlarga aloqadorlikda gumonlanganlar, taqiqlangan tovarlarni olib o‘tishga uringan shaxslar “Turkiyaga kirishi istalmagan yo‘lovchi” sifatida baholanib, Turkiya hududiga kiritilmasdan mamlakatiga qaytarib yuborilmoqda”, deyilgan bosh konsulxona xabarnomasida.

Diplomatik vakolatxona o‘z murojaatnomasi so‘ngida o‘zbekistonliklardan Turkiyadagi qonunlarni hurmat qilib, ularga to‘liq rioya etishlarini so‘ragan, oldin qonunbuzarlik sodir etib deport qilingan fuqarolardan esa Turkiyaga kirish taqiqi bor-yo‘qligini Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi va Samarqanddagi konsulxonasidan o‘rgangan holda kelishni tavsiya qilgan.

XS
SM
MD
LG