Coca-Cola shirkati Yevropaning ayrim mamlakatlarida tarkibida ortiqcha xlorat kimyoviy moddasi aniqlangan o‘z ichimliklari savdo tarmoqlaridan qaytarib olinishini e’lon qildi. Bu haqda Bi-bi-sining rus xizmati xabar qildi.
Shirkat Belgiya, Luksemburg va Hollandiyadagi peshtaxtalardan o‘z mahsulotini qaytarib oladi. Britaniyaga o‘tgan yil oxirida bu partiyadan besh nomdagi mahsulot yetkazib berilgan edi. Ishlab chiqaruvchi shirkat barcha mahsulotlar sotib bitirilganini bildirgan.
Xlorat, jumladan suvni qayta ishlash uchun xlor asosidagi dezinfeksiya vositalaridan foydalanilganda yuzaga kelishi mumkin. Coca-Cola shirkati vakili Bi-bi-siga bergan intervyusida mustaqil tahlilga tayangan holda “iste’molchilar uchun xatar juda kam”ligini qayd etgan.
Coca-Cola Buyuk Britaniyadagi iste’molchilardan hech qanaqa shikoyat kelib tushmaganini va bu borada mamlakat rasmiylari bilan hamkorlik qilishni davom ettirishini ma’lum qildi, deyilgan Bi-bi-si maqolasida.
AFP agentligi Coca-Cola shirkatining ismi oshkor qilinmagan vakili so‘zlariga tayangan holda xlorat darajasini oshib ketgani shirkatning Gent shahridagi (Belgiya) korxonasida tekshiruv o‘tkazilgan paytda aniqlangani haqida yozgan. Bu yerda hali sotilmagan mahsulotlar peshtaxtalardan olib qo‘yilgan.