Yevropa Ittifoqining o‘n mamlakati Rossiyadan kelayotgan butun gaz importini imkon qadar tezroq to‘xtatish taklifi bilan chiqdi. Bu haqda tasarrufida hujjat nusxasi bo‘lgan Reuters agentligi xabar qildi. Mamlakatlar Rossiyaga tegishli har qanday gaz – ham quvur orqali kelayotgan, ham suyultirilgan gaz importini taqiqlashni taklif qilishmoqda.
To‘liq taqiqqa muqobil o‘laroq Yevropa Ittifoqi tomonidan 2022-yilda qabul qilingan RePowerEU strategiyasiga muvofiq ravishda importni bosqichma-bosqich kamaytirish taklif qilinyapti. Mazkur strategiyada YI boshqa ta’minotchilar bilan hamkorlik qilgan va tiklanuvchi energiya marbalaridan foydalanishni kengaytirgan holda Rossiya gazidan 2027-yilgacha to‘liq voz kechishi ko‘zda tutilgan. Biroq hujjat mualliflari bu jarayonni imkon boricha tezlatishni talab qilishmoqda.
Hujjat Litva, Latviya, Estoniya, Daniya, Chexiya, Polsha, Ruminiya, Shvetsiya, Irlandiya va Finlyandiya tomonidan imzolangan.
Yevropa Ittifoqi rasmiylari Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarning 16-paketini hozirlashmoqda. Uni fevral oyi oxirida – Rossiya kuchlari Ukraina hududiga keng ko‘lamli bosqin boshlaganiga uch yil to‘ladigan paytda e’lon qilish rejalangan.
Yevropa Ittifoqi shu paytgacha Rossiya gazini dengiz yo‘li bilan yetkazib berishni taqiqlagan, biroq quvur orqali yetkazib berilayotgan gazdan to‘liq voz kecha olmagan, chunki unga Yevropadagi ayrim mamlakatlar, xususan, Slovakiya va Vengriyaning ehtiyoji bor. Bu mamlakatlar rasmiylari YIning sanksiya siyosatini bir necha bor tanqid qilishgan va Kreml bilan yaqinlashishga chaqirishgan.