Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:25

YKPA: “Putin rejimi neoimperiya mafkurasiga tayanmoqda”


Vladimir Putin Rus pravoslav cherkovi patriarxi Kirill bilan (arxiv surati)
Vladimir Putin Rus pravoslav cherkovi patriarxi Kirill bilan (arxiv surati)

Yevropa kengashi Parlament assambleyasi (YKPA) saytida rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning koloniyadagi o‘limi munosabati bilan 18-aprel kuni qabul qilingan rezolyutsiya matni yoyinlandi.

Rezolyutsiyada rossiyalik rasmiylarga nisbatan keskin choralar ko‘rish taklif etilgan, Navalniyning o‘limi esa javobgarligi Rossiya davlati zimmasida bo‘lgan qotillik, deb atalgan.

YKPA Navalniyni ta’qib qilishga bevosita daxldor bo‘lgan (ularning ayrimlari allaqachon sanksiya ro‘yxatlariga kiritilgan) 50 chog‘li kishiga qarshi sanksiya kiritishga chaqirgan.

Vladimir Putin hukmronligi ostida Rossiya Federatsiyasi fe’lan diktaturaga aylanib bo‘ldi”, deyilgan rezolyutsiyada. Hujjatda iddao qilinishicha, Vladimir Putin rejimi qo‘shni davlatlarga qarshi o‘z tajovuzkorligini oqlash uchun “Rus dunyosi”ning neoimperiyachilik mafkurasiga tayanmoqda. Rezolyutsiyada mazkur mafkuraning mustahkamlanishida patriarx Kirill boshchiligidagi Rus pravoslav cherkovi iyerarxlari muhim rol o‘ynayotgani urg‘ulangan. Bu “dinni suiiste’mol qilish va nasroniy pravoslav an’anasini noto‘g‘ri talqin qilish” deb atalgan, Rus pravoslav cherkovi rahbariyatiga esa Putin rejimi muhtamal jinoyatlarining sheriklari o‘laroq qarash lozimligi uqtirilgan.

Rezolyutsiyada joriy yilning mart oyida Rossiyada bo‘lib o‘tgan prezident saylovi nolegitim deb atalgan (YKPA 2023-yildayoq Putinni Rossiyaning legitim prezidenti deb tan olmaslik to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qilgan edi).

Hujjatda Ukrainaga zarur bo‘lgan qurol-aslaha va o‘q-dorini zudlik bilan yetkazib berish, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish, Rossiya va Belarus qamoqxonalarida tutib turilgan siyosiy mahkumlarni ozod qilish yoki almashtirish, Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan Ukrainaga yordam berishda foydalanish hamda Rossiya rahbariyati tomonidan boshlatilgan urushning muhtamal jinoyatlarini tergov qilish uchun xalqaro tribunal tashkil qilish kabi chaqiriqlar mavjud.

Bundan tashqari YKPA vakillari Rossiyaning neftni qayta ishlovchi zavodlari qonuniy harbiy hadaf deb hisoblanishi lozimligi bildirishgan (avvalroq AQSH ma’muriyati vakillari Ukraina tomonidan ushbu zavodlarga zarba berilganini tanqid qilib chiqishgandi).

Rezolyutsiyada Rossiya va Belarusdagi demokratik kuchlar bilan muloqot qilishga, jumladan, ular bilan aloqalar bo‘yicha maxsus ma’ruzachi tayinlanishiga doir chaqiriq ham bor.

2022-yil fevralida Ukraina hududiga keng ko‘lamli bosqin uyushtirgani ortidan Rossiya Yevropa kengashidan chiqarib yuborilgan va bugungi kunda YKPA faoliyatida ishtirok etayotgani yo‘q. YKPA rezolyutsiyalari mohiyatan tavsiya xarakteriga ega bo‘lib, assambleyada Yevropa kengashiga a’zo bo‘lgan mamlakatlarni bu tavsiyalarni bajarishga majburlash vakolati yo‘q.

XS
SM
MD
LG