Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:31

“Yo xochni yeching, yo ishton kiyib oling”. Kreml o‘zi taqiqlagan “Tolibon”ni Moskvada qabul qilib kulgiga qoldi


Tolibon delegatsiyasi a’zolari Abdul Latif Mansur (chapda),Shahobiddin Delavar (o‘rtada) va Suxayl Shahin Moskvada matbuot anjumanida
Tolibon delegatsiyasi a’zolari Abdul Latif Mansur (chapda),Shahobiddin Delavar (o‘rtada) va Suxayl Shahin Moskvada matbuot anjumanida

8 - iyul, payshanba kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Amerika qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi masalasida xalqiga murojaat qildi.

O‘sha kuni, Rossiyada faoliyati taqiqlangan “Tolibon” terrorchilik tashkiloti vakillari muzokaralarda qatnashish uchun Moskvaga uchib keldi. Hatto poytaxtdagi muhtasham mehmonxonalardan birida matbuot anjumani ham o‘tkazildi.

Bu voqea ko‘pchilikni shokka soldi. Runet siyosatchilar, blogerlar va oddiy foydalanuvchilarning kinoya va zaharxandalariga to‘lib ketdi.

Munosabat bildirganlarning aksari aynan “Tolibon”ning Rossiya Oliy sudi qarori bilan “terorchi tashkilot” deb e’tirof etilganiga va taqiqlanganiga urg‘u berishgan.

Xususan, siyosatchi Dmitriy Demushkin shunday yozadi: “Qonun menga, mazkur tashkilotni tilga olarkanman, uning Rossiyada taqiqlanganini eslatish talabini yuklaydi. Bugun lentani ochsam, xabar turibdi: “TIV bilan muzokara olib borish uchun Moskvaga “Tolibon” tashkiloti vakillari uchib keldi”. Ajabo, RF TIV vakillari ham “Tolibon” bilan muzokaralar yakuni bo‘yicha izoh berayotganda ushbu tashkilot Rossiyada taqiqlanganini aytisharmikan yoki yana eslaridan chiqib qolarmikan?”

Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, terrorchi tashkilot faoliyatida nafaqat ishtirok etish, balki unga bevosita yoki bilvosita yordamlashish ham huquqiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.

Bloger Aleksey Kovalyov shunga ishora qilib, “...toliblarga chipta va joy buyurtma qilgan, ularni ovqatlantirgan va mashinada shahar bo‘ylab olib yurganlarga achinaman, axir endi ularni terrorchilik faoliyatida yordamlashgani uchun qamoqqa olishga to‘g‘ri keladi”, deya zaharxanda qilgan.

Tadbirkor Vitaliy Nasennik “yo bo‘yningizdagi xochni yechib qo‘ying, yoki ishton kiyib oling” degan eski matalni va Putinning “biz hech qachon terrorchilar bilan muzokara qilmaymiz”, degan va’dasini eslatib, shunga qaramay bu muzokaralarning o‘tkazilgani “mamlakatda hatto zohiriy qonuniylikni ham yo‘q qiladi”, deydi.

Bloger Lada Yuryeva esa “Shohimiz bekor o‘tirgani yo‘q – odamxo‘rlar qabilasi elchisini qabul qildi”, deb yozdi.

Darvoqe, Rossiya TIV voizi Mariya Zaxarova “Tolibon” vakillari bilan na prezident, na tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov uchrashganini rad etdi.

Ayni chog‘da ular bilan Putinning Afg‘oniston bo‘yicha maslahatchisi Zamir Qobulov uchrashganini bildirib, hukumat terrorchi tashkilotni rasman qabul qilganini tasdiqladi.

KashinKashinKashin nikli foydalanuvchi masalaning “boshqa tomoniga” e’tibor qaratadi: “Hamma toliblar bilan uchrashdi, deb TIVni so‘kib yotibdi, axir “Tolibon” ham bizning TIV bilan uchrashib, o‘z obro‘sini xavf ostiga qo‘yyapti-ku”, deya kesatadi u.

Matbuot anjumanida toliblar vakillari Rossiyaga kontrabanda yo‘li bilan giyohvand moddalar keltirilishiga qarshi kurashishga va’da berdi. Ammo blogerlar bu va’daga ham, yumshoq qilib aytganda, shubha bildirmoqda. Bir necha yil burun diplomatik kanallar orqali Argentinadan Rossiyaga katta miqdorda kokain tashilgani fosh etilishi bilan bog‘liq mojaro hali unutilgani yo‘q. Qolaversa, giyohvand moddalar savdosi “Tolibon”ning asosiy daromad manbalaridan biri ekanligi ham ma’lum. Shu bois Runet bu va’dani pichinglar bilan kutib oldi.

“Asalarilar yana bir bor asalga qarshi chiqmoqchi”, deb yozgan Aleks Shevtsov.

Vladimir Genin esa “toliblar giyohvand moddalar kontrabandasiga qarshi chiqishga va’da berdi – endi ularni Rossiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, rasmiy yo‘llar bilan yetkazishadi”, deb kesatgan.

Maksim Iovov, giyohvand moddalarni yetishtiruvchilar Moskvada “o‘z iste’molchilari bilan uchrashgan”ligi haqida yozgan.

Ayrim bloger va foydalanuvchilar “Tolibon”ni yaqinda Rossiyada sud qarori bilan “ekstremistik tashkilot” deb topilgan muxolifatchi Aleksey Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash fondi bilan qiyoslab, mutoyiba qilganlar.

Masalan, “Twitter”dagi “Prof.Preobrajenskiy” sahifasi shunday latifa o‘ylab topgan:

— “Tolibon” terrorchi tashkilot deb tan olingan, nega ular bilan rasman uchrashyapsizlar?

— Biz hamma bilan muloqot qilishimiz lozim, bu juda muhim!

— Unday bo‘lsa, balki Navalniy va FBK bilan ham muloqot qilarsizlar?

— Xap senimi, rusofob!..

“Jizn v Sverderjavite” sahifasi esa “Toliblar Rossiyadagi korrupsiyaga qarshi emas, shuning uchun bu yerda ularni quchoq ochib kutib olishadi”, deb kinoya qilgan.

Siyosatchi Marina Litvinovich Rossiya MSKga arz qilib, undan “Yedinaya Rossiya” partiyasi nomzodlarini ro‘yxatga olmaslikni so‘ragan. “Chunki ro‘yxatning ikkinchi qatorida Sergey Lavrov familiyasi qayd qilingan, u esa Rossiyada taqiqlangan “Tolibon” terrorchilik harakati vakillari bilan bir necha marta uchrashgani va hamkorlik qilgani bilan mashhur. “Saylanish huquqining asosiy kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, terrorchi yoki ekstremist tashkilotlar bilan aloqador shaxslar saylovda ishtirok eta olmaydi. Yaqinda saylov komissiyalari aynan shu normani (muxolifat vakillari) Ilya Yashin va Oleg Stepanovlarga nisbatan tatbiq qilgan edi.

Men, Sergey Lavrovning “Tolibon” bilan hamkorlik qilgani u mansub “Yedinaya Rossiya” partiyasini Davlat Dumasi 8-chaqirig‘iga bo‘ladigan saylovga yo‘latmaslik uchun asos bo‘ladi, deb hisoblayman”, deb yozgan u “Facebook”dagi sahifasida.

XS
SM
MD
LG