Линклар

Шошилинч хабар
24 январ 2022, Тошкент вақти: 03:22

"Yotoqxona polida qon dog‘lari..." Rossiyalik harbiy zobitlar nimadan norozi?


Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Mudofaa vaziri Sergey Shoygu harbiy paradni qabul qilyapti.

Rossiya havo hujumidan mudofaa harbiy qismining 23 yoshli leytenanti Pavel Petrakov yotoqxonadagi sharoitlar haqida gapirib berdi. U xizmatdagi jirkanch sharoitlardan hafsalasi pir bo‘lgan, ruhiy tushkunlikka tushgan, ham jismonan ham ruhan ezilib xizmat qilayotgan harbiy ofitserlardan biri.

“Yotoqxona polida qon dog‘lari va hatto inson axlati ham qolgan. Ammo bu hammasi emas, eng achinarlisi, oshxona suvaraklarga to‘la”.

"Men harbiy akademiyaga ilk borgan paytlarimda, armiya zo‘r, harbiy zobitlar armiyaning elitasi deb o‘ylardim", - deydi Sankt-Peterburg harbiy akademiyasini imtiyozli diplom bilan tugatgan harbiy xizmatchi Pavel Petrakov.

“U yerdagilar xuddi hayvondek yashashadi, ish paytida ichkilik ichishadi. Men bunchalik jirkanch muhitni tasavvur ham qilmagandim. Eng achinarlisi, armiyadan qochganlar ko‘pligi uchun ham sizga hayvonga bo‘lgandek munosabatda bo‘lishadi"- deb hikoya qildi u.

Ozodlik bilan suhbatlashgan zobitlarning aytishicha, muammo tobora kuchayib bormoqda.

Pavel Petrakov harbiy yotoqxonada
Pavel Petrakov harbiy yotoqxonada

Bu holat Rossiya o‘z mudofaa tizimlarini modernizatsiya qilish, qo‘shinlarni tayyorlash, jihozlash va turar joy bilan ta’minlashning sovet davridan qolgan tizimidan xalos bo‘lish uchun milliardlab mablag‘ sarflayotgan paytga to‘g‘ri kelmoqda.

U xizmatdan rasman bo‘shatilishini kutayotganini, uning hujjatlari bir idoradan boshqasiga aylanib yurganini aytadi. Petrakov o‘z navbatchilik punktiga kamdan-kam hollarda faqatgina qochganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilmaslik uchun kelmoqda.

Xuddi Pavel singari harbiy akademiyada o‘qib, yakuniy imtihonlar oldidan jarohati sababli o‘qishni tashlagan Roman shifokorlar uni davolay olmagani haqida gapirdi.

“Har safar dam olish uchun ruxsat so‘raganimda yoqimsiz, qo‘pol javoblarni eshitganman. U yerda sizga ishonmasliklari, sizni ikkinchi darajali odam sifatida ko‘rishlari dahshatli, shu bilan birga oddiy hol"

“Diplomimni ololmaganim achinarli, lekin bundan afsuslanmayman chunki baribir armiyani tark etgan bo‘lardim”-deya so‘zida davom etdi Roman.

Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy akademiya undan sud orqali uning ta’limiga sarflagan 400 ming rubl (5,5 ming dollar)ni undirmoqchi.

Zobitlar yotoqxonasi oshxonasi
Zobitlar yotoqxonasi oshxonasi

Harbiy shifokor leytenant Pavel Zelenkov ham rus armiyasidagi vaziyat, u yerdagi munosabat haqida afsuslanib gapirdi. Zelenkov uch oylik xizmatdan keyin iste’foga chiqqach hozir oddiy tez tibbiy yordam shifokori bo‘lib ishlaydi. U armiyadan qutulganidan xursandligini ta’kidlagan.

Rossiya qonunchiligi harbiy xizmatchining iltimosiga binoan harbiy shartnoma muddatidan oldin iste’foga chiqishga ruxsat bermaydi. Bu faqat shartnoma shartlari buzilgan yoki shartnoma muddatidan bo‘yin tovlagan harbiy xizmatchi jinoiy javobgarlikka tortilgan hollardagina amalga oshishi mumkin.

Mudofaa vazirligi xizmatning dastlabki yillarida qancha ofitser muddatidan oldin iste’foga chiqishga intilayotganini oshkor etmagan.

Rasmiy ravishda xizmatni tark etgan kam sonli harbiy xizmatchilardan biri Andrey Ivanov harbiy qismda shifokor bo‘lib xizmat qilgan.

“Bir oylik xizmatdan so‘ng, bu yerda butun faoliyatim qurol va shaxsiy tarkib bilan ishlashga aylanib ketdi”, — dedi Ivanov Ozodlik bilan suhbatda, - Men iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza yozdim, chunki men mashg‘ulotlarda qatnashishni emas, balki odamlarni davolashni xohlaganman"

U 2019 - yil oktabrida iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza bergan, biroq bir yildan ko‘proq vaqt o‘tgach, rasmiy ravishda xizmatni tark etishga muvaffaq bo‘ldi.

Iste’foga chiqqanidan beri u nodavlat yuridik tashkilotlar bilan birgalikda xizmatdan iste’foga chiqmoqchi bo‘lganlarga yordam berib kelmoqda.

U YouTubeda “Qanday qilib iste’foga chiqish mumkin?” deb nomlangan videoni joylashtirdi.

“Bizga yordam so‘rab kelganlarning barchasi shunday umidsizlikka uchragan odamlar. Agar ketmoqchi bo‘lganlar qo‘yib yuborilib, qolishni istaganlarga ko‘proq haq to‘lansa va armiyadagi bu ahmoqona tizim tugatilsa, bu hamma uchun yaxshi bo‘ladi", - deya o‘z xulosasini bayon etdi Ivanov.

XS
SM
MD
LG