Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:30

Yunusobod metro qurilishida 6 kishining o‘limi bo‘yicha ish yopilgan. Jinoyatlar tekshirilmadi - manba


O‘tgan yil dekabrida Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishida yuz bergan yer o‘pirilishi oqibatida 6 kishi nobud bo‘lgandi
O‘tgan yil dekabrida Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishida yuz bergan yer o‘pirilishi oqibatida 6 kishi nobud bo‘lgandi

Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishida 6 odam o‘limiga sabab bo‘lgan yer o‘pirilishi yuzasidan ochilgan jinoyat ishi aybdorlik masalasi hal etilmasdan joriy yilning mart oyidayoq yopilgan. Bu haqda Gazeta.uz nashriga Toshkent shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari Ikrom Narimov bildirdi.

Yunusobod yo‘nalishining qurilayotgan qismida 2019 - yil 18 - dekabrida yer o‘pirilgani, buning oqibatida 6 odam nobud bo‘lgani haqida Ozodlik avval xabar qilgan.

Hodisani tekshirish uchun tuzilgan maxsus komissiya yer o‘pirilishiga xandak qiyalik devorini mustaxkamlash ishlari jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, loyihadan chetlanish holati mavjudligi, yog‘ingarchilik suvlari hamda oqova quvurlaridan sizib chiqqan suvning intensiv tuproqqa shimilishi sabab bo‘lgani haqida xulosa bergan.

Maxsus tekshirish komissiyasi qarori bilan jabrlanuvchilarning qaramog‘idagi shaxslarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 4 ta oilaning har biriga 261 million 938 ming 888 so‘mdan, jabrlanuvchi yana bir oilaga 281 million 62 ming 782 so‘m bir yo‘la to‘lanadigan bir martalik nafaqa pullari berilgan.

Shuningdek, marhumlarning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga layoqatsiz shaxslarga oyma-oy to‘lanishi lozim bo‘lgan pul mablag‘lari hisob-kitob qilinib, amalga oshirish uchun ish beruvchilarga taqdim etilgan.

Toshkent shahar prokurori birinchi o‘rinbosari Ikrom Narimovga ko‘ra, hodisa yuzasidan yuritilgan dastlabki tergov davomida ish bo‘yicha yig‘ilgan materiallar hamda qurilish va davlat nazoratini amalga oshirish bo‘yicha tegishli soha mutaxassislarini jalb qilgan holda qurilish-texnik sud ekspertizasi o‘tkazilgani ham qo‘shimcha qilingan.

Ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, Yunusobod metrosi bekatining tunneli o‘ng tomonining temir-beton konstruksiyasi qulab tushganiga tunnelni ochiq usulda kovlashda texnik xavfsizlik qoidalarining buzilganligi va qurilish ishlarining sifatsiz bajarilganligi sabab bo‘lgan. Bu mas’ul shaxslarning jarayonni yetarlicha nazorat qilmaganligi natijasida sodir bo‘lgan.

Mas’ul shaxslar o‘laroq “Ko‘prik qurilish invest” UK 67 raqamli qurilish otryadi boshlig‘ining o‘rinbosari Otabek Alimov, otryad ish yurituvchisi Saidbek Bobojonov, otryadning qurilish bo‘yicha ustasi Salohiddin Ashurov, “Toshkent metropoliteni liniyalarini qurish direksiyasi” ish yuritish bo‘limining qurilish-montaj ishlari bo‘yicha bosh inspektori Baxodir Muxamadrahimovlarning ismi keltirilgan.

Ikrom Narimovning qayd etishicha, Yunusobod metro liniyasi qurilishida ro‘y bergan fojia yuzasidan JKning 257-moddasi 2- qismi “a” bandi (Texnika xavfsizligi, sanoat sanitariyasi yoki mehnatni muhofaza qilishning boshqa qoidalarini shu qoidalarga rioya etilishi uchun mas’ul bo‘lgan shaxs tomonidan buzilishi odam o‘lishiga sabab bo‘lsa), 258-modda 2-qismi “a” bandi (Tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu jinoyatlar “katta jamoat xavfsizligini keltirib chiqarmaydigan” turiga kiradi.

Aniqlangan qoidabuzarliklar ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilganligini inobatga olgan holda yuqorida qayd etilgan shaxslar o‘zlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ayblilik to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib tugatishni so‘rab murojaat qilishgan”, deyilgan I. Narimovning Gazeta.uz nashriga yo‘llagan xatida.

Prokuratura mulozimi qaydicha, Mehnat vazirligining maxsus tuzilgan komissiyasi xulosasiga ko‘ra, ish beruvchi halokatda vafot etganlarning oila a’zolariga yetkazilgan zararni qoplagan. Ta’kidlanishicha, oilalar tomonidan e’tirozlar mavjud emas.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvining yuqoridagi xodimlarga bergan ijobiy tavsifnomasini inobatga olgan holda 2020 - yil 18 - mart kuni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 84-moddasi 5-qism 2-bandiga asosan (ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan shaxs aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilgan, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va keltirilgan zararni bartaraf qilgan bo‘lsa) jinoyat ishi tugatildi”, deyilgan I. Narimov javobida.

Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishining qurilayotgan qismida o‘tgan yil dekabrida ro‘y bergan fojiadan so‘ng Ozodlik aniqlagan ma’lumotlar qurbonlarning metro qurilishida ishlashga na malaka va na ruxsatnomasi bo‘lgan viloyatdan kelgan mardikorlar ekanini ko‘rsatgan edi.

Shu yil avgustida Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmaslik sharti bilan gaplashgan Transport vazirligiga yaqin mulozim vazir Elyor G‘aniyevning ishdan ketishini uning metro qurilishini taftish qilishni istagani bilan bog‘lagan edi.

Manbaga ko‘ra, E. G‘aniyevning bu stantsiyalarni foydalanishga topshirishni kechiktirish, metro qurilishidagi nihoyatda katta o‘g‘riliklar va buning ortidan metro xavfsizligidagi jiddiy noqisliklar yuzasidan tekshiruv o‘tkazish rejasi oliy rahbariyat tomonidan “yaxshi qabul qilinmagan”.

Bu stansiyalar G‘aniyev vazir bo‘lgunga qadar qurib bitkazilgan. Uning tepasida oldingi vazir – “Temir yo‘llari”ning egasi Ramatov turibdi. G‘aniyevdan bu qurilishni topshirish so‘ralgan. U prezidentga metro stansiyalarni topshirishdan oldin qurilishni yaxshilab reviziya qilishga ruxsat so‘ragan. Tekshirish boshlanganda qurilishdagi juda katta o‘g‘riliklarni aniqlagan. Masalan¸ smetada yozilgan M800 superbeton o‘rniga M400, hatto M300 ishlatilgan. Metro qurilishida M800 dan past marka sementni ishlatishning o‘zi jinoyat! G‘aniyev bunaqa metro ertaga qulab tushsa, o‘zi javob berishini bilgani uchun metroni topshirishga qarshilik qildi. Hamma ishni Ramatov qilib, qog‘ozda G‘aniyev yozilsa, javobni qurgan emas, uni topshirgan beradi-da! Shundan keyin prezidentga uning ustidan kompromat tashlash kuchaydi, “hech kimni ishlashga qo‘ymayapti, qog‘ozbozlikdan boshqa ish qilmayapti” deb. Ramatovning qo‘li baland kelganidan keyin G‘aniyev 3 - avgust kuni o‘zi ketish haqida ariza yozdi”, deya iddao qilgandi Ozodlik manbasi.

O‘shanda Ozodlik Transport vazirligi axborot xizmati mulozimi bilan bog‘langan. Mulozimdan Elyor G‘aniyevning transport vaziri lavozimidan olinishiga oid taxminlar xususida so‘ralganda u bu haqda ma’lumotga ega emasligini aytish bilan cheklangan.

XS
SM
MD
LG