Линклар

Шошилинч хабар
05 декабр 2024, Тошкент вақти: 05:27

Yuzlab tonna ko‘mir talon-toroj qilingani aniqlandi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Namangan viloyatlarida ko‘mir ta’minotida talon-torojliklar fosh etildi, deya ma’lum qildi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Departamentning Namangan boshqarmasi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Ko‘mir ta’minot” MCHJning Namangan shahri ko‘mir ombori mas’ullari ushlangan. Ular kuz-qish mavsumida imtiyozli narxlarda aholiga yetkazib berish uchun ajratilgan umumiy bahosi 4,1 milliard so‘mlik 13,3 ming tonna ko‘mirni boshqa shaxslarga sotib yuborgani aytilmoqda.

Xorazmda “Ko‘mir ta’minot” MCHJning Bog‘ot tumani ko‘mir ombori xodimlari umumiy bahosi 85,5 mln so‘mlik 276 tonna ko‘mirni ombordan yashirincha olib chiqqani aniqlangan. Shuningdek, ushbu omborda 345,8 tonna ko‘mir kamomadi qayd etilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan tekshiruvda esa nomi oshkor etilmagan MCHJ mas’ullari Taxtako‘pir va Shumanay tumanlaridagi ijtimoiy soha obyektlarini issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida ko‘mir xaridi uchun byudjetdan ajratilgan 340,8 million so‘mni o‘zlashtirgani aniqlangan.

BP departamentiga ko‘ra, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

XS
SM
MD
LG