Линклар

Шошилинч хабар
30 апрел 2025, Тошкент вақти: 09:19

Zelenskiy: Kursk viloyati ukrain yerlariga almashtirilishi mumkin


Vladimir Zelenskiy
Vladimir Zelenskiy

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, Rossiya bilan muzokaralar olib borilgan taqdirda, Moskvaga Kursk viloyatidagi Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan nazorat qilinayotgan hududlarni Rossiya armiyasi nazorati ostida bo‘lgan ukrain yerlariga almashtirishni taklif qilishi mumkin. Bu haqda Zelenskiy Britaniyaning The Guardian nashriga bergan intervyusida bildirdi.

Biz bir hududni boshqasiga almashtiramiz”, degan Zelenskiy Kiyev Kursk viloyatining bir qismi o‘rniga Rossiya tomonidan ishg‘ol etilgan yerlarning qaysi qismini so‘rashini hozircha bilmasligini aytdi.

Bilmayman, ko‘ramiz. Hududlarimizning hammasi biz uchun muhim, bu yerda ustuvorlik beriladigan joyning o‘zi yo‘q”, deya urg‘ulagan Ukraina prezidenti.

Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralarga tayyor ekanini, biroq o‘z mamlakati kuchli pozitsiyada turib gaplashishini istashini qayd etgan.

Prezident AQSH shirkatlariga Ukrainani qayta tiklash uchun shartnomalar va investitsion imtiyozlar taklif qilishga tayyorligini qo‘shimcha qilgan.

Zelenskiyga ko‘ra, urushni to‘xtatish uchun Kiyev faqat Yevropadangina emas, Qo‘shma Shtatlardan ham xavfsizlik kafolatini olishi lozim. Avvalroq AQSH prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts NBC telekanaliga bergan intervyusida Vashington urush tugashidan manfaatdor ekanini, biroq Kiyev uchun xavfsizlik kafolati Yevropa zimmasiga yuklanajagini bildirgan edi.

O‘z navbatida, AQSH prezidenti Donald Tramp Oq uy nodir metallar evaziga Ukrainaga harbiy yordamni davom ettirishga tayyor ekanini aytgan.

Bloomberg agentligi AQSH moliya vaziri Skott Bessent Vashington Ukrainaning foydali qazilmalaridan foydalana olishini muhokama qilish uchun shu hafta Ukraina borishini xabar qilgan. Bu Tramp ma’muriyati vakilining Kiyevga ilk tashrifi bo‘ladi.

Fevral oyi boshida Zelenskiy Ukraina metall qazib olish bo‘yicha hamkorlikka tayyorligini ma’lum qilgan.

2024-yil avgustida ukrainalik harbiylar Kursk viloyatining bir qismini egallab olishgan. Yarim yillik jangovar harakatlardan keyin Rossiya armiyasi viloyat hududlarining bir qismini o‘z nazorati ostiga qaytarishga muvaffaq bo‘lgan, biroq Suja tuman markazi doxil qator aholi punktlari haligacha Ukraina Qurolli kuchlari nazorati ostida.

Anneksiya qilingan Qrimdan tashqari Donbassning katta qismi, shuningdek, Xerson va Zaporojye viloyatlarining bir qismi Rossiya nazorati ostida bo‘lib turibdi. Avvalroq Kreml Ukraina bilan muzokaralar olib borish uchun yuzaga kelgan voqelikni hisobga olish zarurligini bildirgan. Ayni paytda Donald Tramp, tafsilotlarga to‘xtalmagan holda, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilganini, u jang maydonlarida bundan buyon odamlar o‘lishini istamayotganini bildirgan.

Tramp urushni to‘xtatishda vositachi bo‘lishni xohlayotganini iddao qilgan, biroq o‘z rejasiga oid tafsilotlarni keltirmagan. 10-fevral kuni Fox News telekanalining ikki tomonni muzokara stoliga o‘tqizish istiqbollariga oid savoliga javob berarkan, Tramp buning imkoni borligini hamda so‘nggi haftada bu borada “katta siljish”ga erishilganini aytgan. Kreml ham Ukraina bo‘yicha AQSH bilan so‘zlashuvlar soni ortganini bildirgan.

XS
SM
MD
LG