Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:23

Zelenskiy: Rossiya 1-iyundan 300 ming harbiyni urushga safarbar qilmoqchi


Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy finlyandiyalik hamkasbi Aleksandr Stubb bilan, Kiyev, 2024-yil 3-apreli
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy finlyandiyalik hamkasbi Aleksandr Stubb bilan, Kiyev, 2024-yil 3-apreli

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya 1-iyunga borib qo‘shimcha 300 ming harbiyni urushga safarbar qilish hozirlik ko‘rayotganini bildirdi. Bu haqda u 3-aprel kuni Kiyevga tashrif buyurgan Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumani chog‘ida ma’lum qildi.

Zelenskiy Ukrainadagi mobilizatsiya rejalari haqida, jumladan qancha odam armiyaga chaqirilishi xususidagi savolga javob berdi. Ukraina prezidenti aniq raqam aytmadi, biroq avvalroq aytilganidek, 500 ming nafardan ko‘ra kamroq bo‘lishini qayd etdi. “Bizga yarim million odam kerakmas”, dedi Zelenskiy.

U Rossiya Ukraina bilan urushga safarbarlikning yangi to‘lqinini e’lon qiladimi yoki 300 ming odam boshqa yo‘llar bilan jalb qilinadimi — bunga aniqlik kiritgan emas.

Rossiyada qisman safarbarlik 2022-yilning sentabr oyida e’lon qilingan, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda 300 ming odam armiyaga chaqirilgan. Urushga safarbar qilinganlardan o‘lmay qolganlari haligacha fronda yurishibdi. Garchi bugungi kunda faol safarbarlik tadbirlari o‘tkazilmayotgan bo‘lsa-da, mobilizatsiyaga oid farmon haligacha amalda. So‘nggi yilda Rossiya tarafida urushayotganlar faol ravishda shartnoma asosidagi xizmatga yollangan, shuningdek, mahkumlarni urushga yollash davom etgan. Buning natijasida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, armiya safiga yana 300 mingdan ziyod odam qo‘shilgan.

Uchinchi aprel kuni Rossiya Mudofaa vazirligi joriy yil boshidan buyon shartnoma asosidagi harbiy xizmatga 100 mingdan ziyod odam kirgani haqida bildirgan. Shuningdek, 1-apreldan bahorgi chaqiriq boshlangan va mazkur tadbir davomida 150 ming kishi muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi. Shu o‘rinda muddatli harbiy xizmat o‘tayotgan yana shuncha odam demobilizatsiyaga tushishini ham qo‘shimcha qilish joiz.

Rossiyalik rasmiylar harbiy safarbarlikning yangi to‘lqiniga hozirlik ko‘rilayotganini rad etishmoqda. Mudofaa vazirligiga yaqin ko‘rilgan Davlat dumasi deputati Andrey Kartapolov Zelenskiyning bayonotiga izoh berarkan, “bizga mobilizatsiya kerak emas”, degan. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa: “300 ming kishini armiyaga safarbar qilishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqidagi xabar to‘g‘rimi?” degan savolga “To‘g‘ri emas”, deya javob bergan.

Ukrainada hozirda harbiy safarbarlik to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Mazkur hujjat mobilizatsiya jarayonini tartibga solishga qaratilgan. Yaqinda Zelenskiy armiyaga chaqiriq yoshini 25 gacha pasaytirish hamda harbiy xizmatga cheklangan yo‘sinda yaroqli bo‘lganlar toifasini bekor qilish ko‘zda tutilgan qonunlarni imzolagan. Yangi tartib armiyaga yangi askarlar qo‘shilishiga yordam berishi kutilayotgani aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG