Линклар

Шошилинч хабар
13 май 2025, Тошкент вақти: 11:39

Zelenskiy: “Urushni shu haftada tugatish imkonsiz”


Vladimir Zelenskiy
Vladimir Zelenskiy

Rossiya Ukrainaga to‘laqonli bosqin boshlaganiga uch yil to‘lishi arafasida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyevda katta matbuot anjumani o‘tkazdi. 23-fevral kuni o‘tkazilgan anjuman ikki soatdan ziyod davom etdi.

“Saylovsiz diktator”

Zelenskiy Ukraina prezidenti lavozimidan ketishi tinchlik olib keladigan bo‘lsa, ketishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, o‘z lavozimini Ukrainaning NATO a’zosi bo‘lishiga almashishga ham tayyorligini aytdi. Zelenskiyga ko‘ra, uning “o‘nlab yillar hokimiyatda qolish” rejasi yo‘q.

Rossiyaning Zelenskiy haqidagi “nolegitim rahbar” mazmunli iddaolariga kutilmaganda AQSH prezidenti Donald Tramp jo‘r bo‘la boshlagani sababli anjumanda shu to‘g‘rida ham savol berildi. Zelenskiy Trampning u haqidagi 4 foiz aholi qo‘llaydigan “saylovsiz diktator” degan so‘zlariga izoh berarkan, buni maqtov deb atab bo‘lmasligini, ayni paytda xafa bo‘lishdan ham ma’no yo‘qligini aytdi.

“Diktator degan so‘zdan diktator bo‘lgan odamgina xafa bo‘lishi mumkin”, dedi u. Ukraina prezidenti Oq uy bilan munosabatlarda pragmatik yondashuv zarurligini ta’kidlar ekan, “Nachora, AQSH bilan bir amallab murosa qilamiz-da”, deya qo‘shib qo‘ydi. Eslatib o‘tamiz, Ukraina Konstitutsiyasi harbiy holat davrida prezident saylovi o‘tkazishni man etadi.

Keyinroq Zelenskiy Trampning yolg‘on bayonotlari jamoatchilik ongida haqiqat o‘laroq o‘rnashib qolmasligi uchun ularga vaqtida ochiq raddiya berish kerakligini urg‘uladi.

Shuningdek, Zelenskiy matbuot anjumani davomida, agar Ukraina NATOga a’zolikka qabul qilinsa yoki Ukrainada tinchlik hukm suradigan bo‘lsa, prezident lavozimidan ketishga tayyorligini bildirdi.

Konlar to‘g‘risidagi bitim

Zelenskiyga ko‘ra, tabiiy zaxiralar bo‘yicha muzokaralar Kiyev ishlab chiqqan “Ukraina g‘alaba rejasi”dagi foydali qazilmalarni hamkorlikda qazib olish taklifidan boshlangan.

“Siz qazib olasiz, biz baham ko‘ramiz, ammo bizga adolatni tiklab berish uchun barcha ishni qilasiz. Urushga barham bering, Putinni majbur eting, – dedi Zelenskiy Kiyevning taklifi mazmuni haqida gapirar ekan. – Bizning rejada tiyib turish qurollari, HHM tizimlari va boshqa narsalar ham bor edi. Yana bir karra aytamanki, u kompleks taklif edi, bizga xavfsizlik kafolatlari zarur: armiyani kuchaytirish, HHM, Ukraina osmonini yuz foiz himoyalash – barchasi shuning ichida”.

AQSHning birinchi javobida tabiiy zaxiralarni teng bo‘lish taklif qilingan ekan.

Men buni imzolamasligimizni aytdim. Oldinda bizni nima kutayotganini bilmasdan, resurslarimiz yarmini bera olmaymiz. Hattoki “okkupatsiya qilingan hamma narsani teng bo‘lishaylik, shunda mamlakatni tiklashingizga yordam beramiz”, deyilganida ham bu ma’niliroq taklif bo‘lur edi”, dedi Zelenskiy.

Ukraina prezidentiga ko‘ra, Vashingtonning ikkinchi rejasi Kiyev nazdida AQSHdan 500 milliard dollar qarzdorlikni tan olishni bildiradi. Zelenskiyning aytishicha, Kiyev Vashingtondan faqat 100 milliardlik yordam olgan, xolos. Ukraina prezidenti uni qaytarish kerak deb hisoblamaydi, chunki bu beminnat yordam bo‘lgan.

Kiyev kelgusi yordamlarni foizi bilan qaytarishga tayyor, lekin ikki hissa qilib to‘lash haqida gap bo‘lishi mumkin emas.

“Menda bir savol bor. Mantiqiy savol. AQSH Isroilga, Qatarga, Saudiya Arabistoni yoki BAAga qurol sotganida ham 100 foiz foyda olarmikan?” dedi Zelenskiy.

“Men shunchaki, prezident Tramp bilan muloqot bo‘lishini istayman... Ukrainlarning 10 avlodi to‘laydigan qarz qog‘ozlariga imzo chekmayman”, qo‘shimcha qildi u.

Shuningdek, Zelenskiy Ukraina hududida Amerika biznesi bo‘lishini xavfsizlik kafolati deb hisoblashga tayyor emasligini aytdi.

Ukraina harbiy sanoatining yutuqlari haqida

Zelenskiyga ko‘ra, Ukraina harbiy sanoati dronlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan, biroq ukrain ballistik raketalari endi-endi qo‘llashga tayyorlanmoqda.

“Palyanitsa” uchyapti, “Ad” uchyapti, “Ruta” uchyapti, yutuqlar bor, harbiy nishonlar urilyapti. Harbiy sanoat kompleksimizga rahmat, bu uchalasi yaxshi chiqdi, ballistika esa endi tayyorlanmoqda”, dedi prezident.

2024-yil sentyabrida ilk bor Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya anneksiya qilgan Qrim hududidagi harbiy nishonlarga qarshi “Palyanitsa” raketa-dronini ishga solgan edi.

Urush yakuni haqida

Zelenskiy Trampning shu haftada urushni yakunlash va’dasiga izoh berar ekan: “Urushni shu haftada tugatish imkonsiz. Ukraina uchun kafolatlar kerak. Ochig‘i, biz bilan uchrashmasdan bu ishni qanday qilish mumkinligini bilmayman ham”, deya bildirdi.

Ukraina prezidentining aniqlik kiritishicha, AQSHning amaldagi ma’muriyati urushga yakun yasash haqida gapirganda “Putinni urushning qaynoq pallasini tugatishga majbur qilish istagi”ni nazarda tutadi. Ammo, Zelenskiy fikricha, Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini kelishib olmasdan otashkesim o‘rnatib bo‘lmaydi; toki Ukraina NATO a’zosi emas ekan, xavfsizlik kafolati sifatida uning 800 ming kishilik armiyasi tashqaridan moliyalanishi lozim.

Anjumanda Zelenskiy Fransiya prezidenti Emmanuel Makron hamda Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerlarning tinchlikni qaror topdirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi va Vashingtondan qaytganlaridan so‘ng ular bilan suhbatlashish istagida ekanini aytdi.

Ukraina prezidenti Rossiyaning G‘arbda muzlatilgan aktivlarini “bizning pullarimiz”, deb aytdi.

XS
SM
MD
LG