Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:32

Zelenskiy YIda siyosati eng ko‘p ma’qullangan siyosatchiga aylandi


Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy (arxiv surati)
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy (arxiv surati)

Yevropa Ittifoqiga a’zo turli mamlakatlarda so‘ralganlarning qariyb yarmi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning faoliyatini ijobiy baholagan. So‘rov Euronews telekanali va Fransiyaning Ipsos ijtimoiy fikrni o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, so‘ralgan 26 ming respondentning 47 foizi Zelenskiyni shaxs o‘laroq ijobiy baholashgan. Ijobiy baho ko‘lami bo‘yicha Ukraina prezidenti YI mamlakatlari liderlari — Olaf Shols, Emmanuel Makron va Donald Tuskni ortda qoldirgan.

Qayd etilishicha, so‘rov paytida Zelenskiy shaxsi haqida uni salbiy baholaganlar ham kam bo‘lmagan. Zelenskiy ko‘proq ijobiy bahoni Skandinaviya o‘lkalarida olgan, u yerlarda so‘ralganlarning 70-80 foizi uning faoliyatini ijobiy baholagan. Ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, Ukraina prezidenti eng yomon munosabat Gretsiya, Vengriya va Slovakiyada kuzatilgan - bu mamlakatlarda so‘ralganlarning bor-yo‘g‘i 15 foizidan 25 foizigachasi Zelenskiy haqida ijobiy fikr bildirgan.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron eng ko‘p ijobiy baho olgan liderlar orasida Zelenskiydan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan — uning faoliyatini YIdagi respondentlarning 41 foizi ijobiy baholagan. 38 foiz ijobiy baho olgan Olaf Shols esa mazkur ro‘yxatda uchinchi o‘ringa qo‘yilgan. Qiziq jihati shuki, eng kam ijobiy bahoni Shols va Makron o‘z mamlakatlarida olishgan.

Ijtimoiy so‘rovga muvofiq, YIda faoliyati eng kam ma’qullangan siyosatchilar Vengriya va Rossiya yetakchilari — Viktor Orban va Vladimir Putin bo‘lgan. Orban faoliyatini so‘ralgan yevropaliklarning 15 foizi, Putin faoliyatini esa respondentlarning 10 foizi ijobiy baholagan, xolos. Putinga ko‘proq ijobiy baho berilgan mamlakatlar qatorida Gretsiya, Slovakiya va Bolgariyani sanash mumkin — bu mamlakatlarda so‘ralganlarning 22 foizidan 37 foizigachasi Rossiya prezidenti faoliyatiga ijobiy baho bergan. Shimoliy Yevropa mamlakatlarida esa Putin faoliyati haqida barmoq bilan sanarli darajada oz respondent ijobiy fikr bildirgan.

XS
SM
MD
LG