Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 03:02

Ziyofat tugadi. G‘uzordagi g‘alayon ko‘targan ishchilar ustidan jinoyat ishi ochildi


Ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketgan norozilik ortidan G‘uzordagi ishchilar uchun qo‘y so‘yilgan edi
Ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketgan norozilik ortidan G‘uzordagi ishchilar uchun qo‘y so‘yilgan edi

Joriy yilning 21 - oktabr kuni oylik va ovqatning vaqtida berilmagani bois g‘alayon ko‘targan Enter Engineering shirkatining 20 nafarga yaqin ishchilari ustidan jinoyat ishi ochildi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, ommaviy tartibsizlikda qatnashgan ishchilar Jinoyat kodeksining 173 - moddasi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) va 277 - moddasi (Bezorilik) da ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda ayblanmoqda.

Hodisa tafsilotlarini yoritgan mahalliy jurnalistning bildirishicha, viloyat IIB Tergov bo‘limi xodimlari tartibsizliklar chog‘ida “Uzbekistan GTL” shirkatiga yetkazilgan zararni hisoblab chiqqan.

"Men ko‘rgan hujjatda yozilishicha, shirkat g‘alayon oqibatida 480 million so‘m zarar ko‘rgan. 19 ta kuzatuv kamerasi sindirilgan. 9ta stol ustidagi jixoz va kompyuterlari bilan qo‘shib vayron qilingan. 33 ta kondintsioner parchalab tashlangan", - deydi Ozodlik bilan suhbatda nomi oshkor etilishini istamagan jurnalist.

Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Qashqadaryo viloyat prokuraturasi vakili G‘uzordagi ishchilar ustidan jinoyat ishi ochilganini tasdiqladi.

Xizmat vakolatida matbuotga ma’lumot berish yo‘qligi bois ismi sir qolishini so‘ragan mulozimga ko‘ra, 20ga yaqin ishchi "mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish" hamda "bezorilik"da ayblanmoqda.

Har ikkala modda bo‘yicha aybi isbotlangani taqdirda, g‘alayon ko‘targan ishchilar 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Uzoq cho‘zilmagan ziyofat

G‘alayon ortidan shirkat ma’muriyati ishchilar talabini qondirib, obyektda 22 kunlik ish davomida 8 kun dam olishni joriy qilgan edi. Ammo 2 - noyabr kuni ishchilarga 40 kun ishlab, 8 kun dam olishi haqida aytilgan.

Norozi ishchilar bilan 2 - noyabr kungi uchrashuvda “Uzbekistan GTL” shirkati xodimlari kasaba uyushmasi raisi Shuhrat Tursunov ishchilar talabi ish sur’atiga salbiy ta’sir qilishini aytgan.

Zavod ma’muriyati vakili hamda norozi ishchilar muammosini Ozodlikka yetkazgan mahalliy jurnalistga ko‘ra¸ “g‘alayon ko‘targan ishchilarga popuk qand berish tugab, navbat qamchiga kelgan”.

Energetika vazirining o‘rinbosari Behzod Normatov maxalliy matbuotga bergan suhbatida “ haqli talab bilan chiqqan ishchilarga jazo berilmasligi va ular aytgan muammolar joyida hal qilinishini” aytgan edi.

Bu gap ortidan ishchilarga ziyofat va konsert qo‘yib berilgan.

Uzbekistan GTL Bosh direktori Fahriddin Abdurasulov 24 - oktabr kungi matbuot anjumanida g‘alayon qilgan ishchilarning "barcha talablari qondirilgani"ni iddao qilgan edi.

Ozodlik tasarrufida “Uzbekistan GTL” shirkati rahbariyatining g‘alayon ko‘targan ishchilarga qo‘y so‘yib ziyofat berganiga oid suratlar bor. Ammo bu ziyofatdan 10 kun o‘tib, ishchilar ustidan jinoyat ishi ochildi.

G‘uzorda ishchilar hokim bilan uchrashgan edi
G‘uzorda ishchilar hokim bilan uchrashgan edi

Ozodlik suhbatlashgan g‘uzorlik ishchilardan biri o‘zlarini rahbariyat tomonidan aldangan his qilayotganliklarini aytdi.

“Muammomizni o‘z oramizda yechamiz. Hammasi yaxshi bo‘ladi, deb aldashdi. Har bir brigadadan bir kishi vakil bo‘lgan ishchilar gruppasi rahbarlar bilan uchrashdi. Shu gruppada men ham bor edim. Ikkita vazir va hokim ishtirokida kimdan nima ayb o‘tgan bo‘lsa kechirdik¸ bu yog‘iga muammosiz ishlaymiz, deb kelishdik. Ammo bugun tergovchilar kelib, bunt ko‘targan zachinshiklarni qamaymiz, deb turibdi. Umuman so‘zida turmadi. O‘sha kuni ular 22 kun ishlab, 8 kun dam olasizlar, deb va’da berishdi. Bugun esa, yana eski ahvolga qaytdik. 40 kun ishlab, 8 kun dam oladigan bo‘ldik. Eski hammom, eski tos”, -deydi g‘uzorlik ishchi.

22 - oktabr kuni Energetika vaziri Alisher Sultonov, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov, Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev hamda “O‘zbekneftgaz” AJ vakillari qatnashgan uchrashuvda ishchilarning barcha muammolari hal etilgani xabar qilingandi.

G‘azabnok ishchilar

21 - oktabr kuni ertalab soat 7:30da Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida Uzbekistan GTL zavodini qurayotgan Enter Engineering kompaniyasining minglab ishchisi stixiyali norozilik aksiyasiga chiqqan edi.

Oylik va ovqatning vaqtida berilmaganidan g‘azabga kelgan ishchilarning noroziligi ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketgan.

Ishchilar g‘alayoni
Ishchilar g‘alayoni

Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra¸ ishchilarning ommaviy noroziligi va nazoratsizligi tashkilotning bosh pudratchisi "Enter Engineering, Hyundai Engineering, subpudratchilar hamda buyurtmachi "Uzbekistan GTL" ofisining vayron qilinishiga sabab bo‘lgan. Shuningdek, vaqtinchalik inshootlar - oshxona, omborxona va boshqalar ham talafot ko‘rgan.

Bosh prokuraturaning qayd etishicha, hodisada bir necha kishi, jumladan, oshxona, kadrlar bo‘limi, “Enter Engineering” muhandis-texnik xodimlariga tan jarohati yetgan.

XS
SM
MD
LG