AQSh bazasiga joy berish uchun O‘zbekiston KXShT dan chiqishi shart emas

O‘zbekiston prezidenti ko‘pdan KXShT tadbirlari¸ xususan uning shu yil 12 avgust kuni Ostonada o‘tkazilgan norasmiy sammitida ham ishtirok etmadi.

KXShT rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda shunday bayonot berdi.

Yuqori lavozimli AQSh rasmiylarining Toshkentga qilayotgan safarlari ko‘payib¸ ular darajasi ham oshib borayotgan bir paytda¸ Rossiya matbuoti kunda-shundaga aylangan amerikaliklarning O‘zbekistonda yana harbiy baza ochish rejasi borligi haqida bahs etmoqda.

22-23 oktyabr kunlari Toshkentga AQSh Davlat kotibi Hillari Klintonning kelishi kutilmoqda. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiysining “Novaya Gazeta” muxbiriga bildirishicha¸ Klintonning Toshkent so‘zlashuvlarida mintaqaviy xavfsizlik muammolari barobarida ikki tomonlama hamkorlik¸ xususan investitsiyalar¸ savdo va ilm-fan sohasidagi loyihalar muhokama qilinadi.

Rasmiylardan farqli¸ ayrim rus sharhlovchilari kun tartibida Afg‘onistondan chiqishga hozirlanayotgan AQSh harbiylarining unga qo‘shni mamlakatlardan muqim boshpana topishi masalasi borligini taxmin qilmoqda.

Chunonchi¸ 2005 yilda Qarshi-Xonobod bazasini yo‘qotishni AQShning mintaqadagi manfaatlariga berilgan eng jiddiy zarba deb baholagan rossiyalik sharqshunos Aleksandr Knyazev¸ Amerika harbiylarining Afg‘onistondan qisman chiqib¸ mintaqaning boshqa davlatlarida o‘rinlashuvi uchun O‘zbekiston o‘ta muhim ekanini ta‘kidlaydi.

“AQSh Afg‘onistondagi muammolarini hal etish uchun O‘zbekistondagi imkonlarini oshirishga urinmoqda. Ammo hozircha gap O‘zbekiston hududida doimiy asosdagi Amerika harbiy bazasi ochish haqida bormayotir. Zotan¸ bunday qilish O‘zbekiston a‘zosi bo‘lgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti nizomiga ziddir”¸ deydi bunday ehtimolga to‘xtalgan o‘zbekistonlik siyosatshunos Rafik Sayfulin “Novaya Gazeta” muxbiri bilan suhbatda.

Shu bois¸ Sayfulinga ko‘ra¸ Toshkentga serqatnov bo‘lib qolgan AQSh rasmiylari Karimovga KXShTdan chiqish va Amerika rejalarida to‘laqonli qatnashish erkini qo‘lga kiritishni taklif qilmoqdalar.

Aytilishicha¸ ayni shunday maslahat AQSh ning Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus namoyandasi Mark Grossmanning o‘tgan hafta Toshkent muzokaralarida yangragan va ayni maslahatning Klinton xonim tomonidan ham aytilishi kutilmoqda.

1992 yilning 15 may kuni Toshkentda tuzilgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasiga qo‘shilgan O‘zbekiston 1999 yil aprelida bu tashkilotdan chiqishga qaror qilgan va 2001 yilda o‘z hududidan AQSh harbiy bazasiga joy bergan edi.

Ammo oradan 7 yil o‘tib¸ 2005 yil 13 may voqealaridan so‘ng AQSh bilan munosabatlar buzilgach¸ o‘sha yil yozida AQSh harbiylarini Qarshidan haydab¸ 2006 yil 16 avgustida KXShT a‘zoligiga qaytgan edi.

“Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga aylangan bu guruhning O‘zbekiston ishtirokisiz 2002 yilda qabul qilingan Nizomining III Bob¸ 7-moddasiga ko‘ra¸ o‘z hududida tashkilotga a‘zo bo‘lmagan davlat harbiy kuchlari yoxud harbiy infrstrukturasiga joy bermoqchi bo‘lgan a‘zo davlat bu masalani zudlik bilan boshqa a‘zo davlatlar bilan maslahatlashishi shart”¸ deydi KXShT Bosh kotibining o‘zini Aleksandr Petrovich deb tanishtirgan yordamchisi.

- O‘zbekiston AQSh bazasiga yer berishi mumkin¸ ammo KXShT ning qolgan a‘zolari bilan maslahatlashuvlardan so‘ng. KXShT Nizomida¸ a‘zo davlat o‘z hududiga a‘zo bo‘lmagan davlat harbiy bazasini joylashtira olmaydi¸ degan moddaning o‘zi yo‘q. Bunday vaziyatda¸ tashkilotda sanktsiya¸ jazo qo‘llash vakolati ham yo‘q. Qirg‘iziston KXShT a‘zosi va ko‘rib turibsizki¸ Bishkekda ham Rossiya¸ ham Amerika bazasi yonma-yon faoliyat yurg‘izayapti. Printsipda¸ bu ikki narsa bir-birini inkor qilmaydi¸ deydi KXShT rasmiysi.

Nizomda ko‘zda tutilgan “maslahatlashuv” qanday kechadi¸ bu maslahat oshi pishmasa¸ ya‘ni qolgan KXShT a‘zolari O‘zbekistonda AQSh bazasi ochilishiga qarshilik ko‘rsatsa¸ unda muammo qanday hal bo‘ladi¸ degan savollarga javoban KXShT rasmiysi¸ hozirga qadar tashkilot tarixida bunday vaziyat kuzatilmagani bois¸ javob berishga qiynalishini e‘tirof etdi.

- Men sizga O‘zbekiston prezidentining bu masalada boshqa prezidentlar bilan qanday maslahatlashishini ayta olmayman. Bu balki telefon orqali bo‘lar¸ balki yuzma-yuz uchrashuv shaklida. Agar a‘zo davlatlardan birortasi¸ yoki ko‘pchiligi KXShT a‘zosi hududida AQSh harbiy bazasi qurilishiga e‘tiroz bildirsa¸ unda nima bo‘lishi nizomda ko‘rsatilmagan. Huquqiy jihatdan¸ suveren davlat sifatida O‘zbekiston¸ mabodo shunga qaror bersa¸ uni amalga oshirishi mumkin. Shunday qilsa¸ O‘zbekistonning KXShT dan avtomatik tarzda chiqarilishi haqidagi taxminlar ham asossiz. Ammo sizga ta‘kidlab aytmoqchimanki¸ hozircha KXShT da na O‘zbekistonning AQSh bazasiga joy berishi va na tashkilotdan chiqishi haqida gapning o‘zi yo‘q¸ deydi tashkilot Bosh kotibi yordamchisi 18 oktyabr kuni.

O‘zbekistonlik siyosatshunos Rafik Sayfulinga ko‘ra¸ “toshkentdagilar Vashingtonning arab bahoridagi rolini munosib baholagani bois¸ AQSh bilan qattiq yaqinlashuv borasida ehtiyotkorlik”ni ma‘qul ko‘rmoqdalar.

Rossiyalik sharqshunos Knyazev esa¸ o‘tmish xatolaridan xulosa chiqargan Islom Karimov¸ AQSh taklifiga ko‘nish Rossiya bilan munosabatlar sovuqlashuvini anglatishi bois¸ o‘z tizginini na u taraf va na bu tarafga oxirigacha berib qo‘ymasligini taxmin qiladi.