Suiqasdga uchragan islom tanqidchisi vafot etdi

Rafiq Tagi o‘limidan bir necha kun avval.

Shanba kuni pichoqlab ketilgan ozariy jurnalisti va yozuvchisi Rafiq Tag'i bugun Baku kasalxonasida jon berdi.

Ozarbayjon hukumati¸ siyosiy islom va Eronning keskin tanqidchilaridan biri bo‘lgan Tag'i shanba kuni uyiga ketayotganda noma‘lum shaxs tomonidan pichoqlangan edi.

Yetti joyidan zarba yeb¸ kasalxonaga yotqizilgan ozariy yozuvchisi o‘limidan bir necha soat oldin Ozodlikning Bakudagi muxbiriga:

- Ahvolim og‘ir va barqaror. Barqaror va og‘ir¸ ammo yomonlashmayotir¸ deb gapirgan edi.

2007 yilda Baku sudi islom dini va Muhammad payg‘ambarni tanqid qiluvchi deb topilgan maqolasi uchun Rafiq Tag'ini 3 yillik qamoq jazosiga hukm qilgan edi.

Ayni maqola munosabati bilan Eron oyatullohlaridan biri Fozil Lankaroniy¸ Tag'ini o‘ldirish bo‘yicha fatvo bergan edi.

Tagi o‘limi munosabati bilan bayonot e‘lon qilgan Ozarbayjondagi Eron elchixonasi o‘z hukumatining bu qotillikka aloqasi yo‘qligini bildirdi.