Xayrulla Hamidov Ozodlikka raddiya berdi

Xayrulla Hamidov.

28 mart kuni Ozodlik elektron pochta qutisiga o‘zbekistonlik diniy voiz¸ sport sharhlovchisi Xayrulla Hamidovga nisbat berilgan shaxs tomonidan o‘qilgan audio raddiya yetib keldi.
Bu audio raddiyani Ozodlikka kim¸ nima maqsad bilan yuborgani tahririyatga ma‘lum emas.

Xayrullaning tavbasi


Ozodlik muxbiri Xayrulla Hamidovning rafiqasi Dilnoza bilan bog‘lanib, bu audio yozuvdan parcha eshittirdi va Dilnoza bu ovoz Xayrulla Hamidovniki ekanini tasdiqladi.

Dilnoza bundan 45 kun oldin Navoiydagi 47-jazo muassasasiga borganida Xayrulla Hamidov bu audioyozuvni unga berganini aytdi.

- Ha, eshitdim. Uni qayerdan oldinglar? Qaytishni aytayaptilarda bu yerda.

Ozodlik: O‘sha maqolada ham shular yozilganmi?

- Ha, mana shu yozilgan.

Ozodlik: Ovozi o‘sha-a? Ya‘ni tanidingiz-a turmush o‘rtog‘ingizni?

- Ha, tanidim, tanidim.

Ozodlik: Ya‘ni birov u kishining nomidan o‘yin qilib nima qilmagan-a?

- Yo‘q. Sizlarga qanaqa qilib yetib bordi, to‘g‘risi menda borda bu narsa. Men hali hech kimga bermaganmanda buni.

Ozodlik: Sizga qanaqa qilib yetib keldi u?

- Men o‘zim olib chiqqanman.

Ozodlik: Qachon olib chiqqan edingiz?

- Ancha bo‘lgan.

Ozodlik: Qachon?

- Ikki oy bo‘layapti.

Ozodlik: Uni nima deb bergandilar sizga? Mana shuni yetkazing debmi?

- Yetkazing, deb bergan. Bizlar qo‘rqib chiqarmagan edik. Mana 45 kun bo‘ldi borib kelganimga. O‘shanda berib yuborgan edilar, deydi Xayrulla Hamidovning turmush o‘rtog‘i Dilnoza.

Bundan tashqari Dilnoza bu audioyozuv qamoqxona ichida mahkumlar orasida tarqatiladigan “Vaqt” gazetasida “Qaytish” degan sarlavha bilan chop qilinganini ma‘lum qildi.

- yozdilar, gazetalarga ham chiqdi “Qaytish” deb. Qamoqxonaning ichida “Vaqt” degan gazeta chiqarkanu. O‘sha zonaning ichidagi “Vaqt” degan gazetaga “Qaytish” deb katta maqola yozganlar. Uni bizlar olib kelib bir-ikkita odamga berdik tegishli joylarga nima qilinglar deb. Endi bilmayman nima bo‘ldi.

Ozodlik: Nima haqda yozgan? Tavba qilaman, deb yozganmi o‘sha maqolasida?

- Ha, tavba qilaman deb yozganlar. Xohlasanglar, odam jo‘natsanglar, sizlarga ham beramiz, deydi Xayrulla Hamidovning turmush o‘rtog‘i Dilnoza.

Qamoqxona studiyasi mahsuloti


Maxsus studiyada har xil dramatik ohangdagi musiqa bilan yozilgan bu maqola-raddiyada Xayrulla Hamidov o‘zining tegishli diniy ilmga ega bo‘lmay turib, odamlarga diniy bilim berish da‘vosi xato ekani, ammo O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari unga bu xatosini yaxshilik bilan tushuntirib, tergov jarayonida o‘ziga xayrixohlik bilan yondashib, “katta xatosi” uchun “kichik jazo” berishganini maqtaydi.

Xayrulla Hamidov 2010 yil 21 yanvari o‘z uyida tintuv o‘tkazgan huquq xodimlaridan tortib, hozirga qadar ko‘rishgani barcha tergov-surishtiruv va adliya xodimlari o‘ziga nisbatan faqat qonun doirasida, ovozlarini ham ko‘tarmasdan, sizlab munosabatda bo‘lishganini aytadi.

Raddiya-maqolada Xayrulla Hamidov , o‘zining adashganini, dinni yaxshi bilaman degan xato da‘voga berilganini, ommaning ruhiy kechinmalaridan bexabar, aytganlarining siyosiy oqibatlarini bilmaganiga e‘tirof etadi.

Raddiya-maqolani o‘qiyotgan shaxs, o‘zining oilasi, yaqinlari va do‘stlarini qiyin holda tashlab ketgandan-da ko‘ra, o‘zining bilimsiz bo‘lib boshqalarga bilim bermoqchi bo‘lganidan pushaymon ekanini ta‘kidlaydi.

"Ozodlik men haqimda yolg‘on tarqatmoqda"


Xayrulla Hamidov raddiya davomida Ozodlik radiosida she‘rlari uchun besh kunlik izolyatorga tashlangani haqida berilgan xabarni rad etadi va o‘zining Navoiy viloyatidagi 47-jazoni o‘tash muassasasida qiynoq va tazyiqlardan ozod holda yashayotganini iddao qiladi.

Ayni paytda Hamidov bu qo‘shiqning Navoiy qamoqxonasida yozilganini tasdiqlaydi. Ammo Ozodlik radiosining Hamidov raddiya bildirgan maqolasida uning besh kunga izolyatorga tashlangani haqida ma‘lumot yo‘q.

O‘zining qamoqxona ma‘muriyati ruxsati bilan ommaviy madaniy-oqartuv ishlarida faol ekani, maxsus tadbirlarga boshlovchilik qilib kelayotgani, vatan ravnaqi uchun xizmat qilayotgan dasturlar hozirlayotganini ta‘kidlagan Xayrulla Hamidov, ozodlikka yorug‘ yuz bilan chiqishiga yaqin qolganiga ishorat qiladi.

"Bu bechoralar bu chiqishimdan keyin yana chiyillab qolishadi, maqolani o‘zi yozmagan, tazyiq ostida yozgan, bizga nisbatan tuhmat qilayapti" qabilida", deb turib Xayrulla Hamidov bunday gaplardan cho‘chimasligi va ularga javob berajagini ta‘kidlaydi.

"Bu yerda mahbuslarga inson sifatida qarashadi. Ularni jazolash emas, balki tarbiyalashni istaydilar", degan mazmunda gapirgan Xayrulla Hamidov qamoqxona ma‘murlari sha‘niga maqtovlar yog‘diradi.

Maqola-raddiya so‘nggida Xayrulla Hamidov o‘z muxlislarini Ozodlik radiosining o‘zi haqida tarqatayotgan "bo‘hton va safsata"lariga ishonmaslikka chorlaydi.

O‘zbek rasmiy matbuotida mahbuslar iqrori


O‘zbek qamoqxonalarida mahbuslardan iqrornoma olib matbuotga chiqarilishi yangilik emas. 1992 yilda Erk partiyasi raisi Muhammad Solihning ukasi Maqsud Bekjon ham qamoqda maqola yozishga majbur qilingan edi.

- U yerda nuqta bitta – qamoq. Boshqacha bir izoh yo‘q. U yerda o‘tirib aytgani biror-bir ahamiyat kasb etmaydiku. Uni aytish uchun mutlaqo qattiq qiynashgan. Bunaqa iqrorga jiddiy bir nimada qarash kerak emas. Bularning ishi shu. Qiynab o‘shanday bir narsani chiqartiradi. Ukol qiladi yo boshqa qiladi, gapirtiradi.

Ozodlik: Ovozda samimiylik borda. Haqiqatan ham odam shunaqa fikrga kelgan bo‘lishi mumkinmasmi?

- Samimiylik endi, u yerda qanaqa samimiylik? Samimiylik u yerda charchoq bo‘lishi mumkiin. Odam tutqunlikda o‘tirib qanaqa qilib samimiy bo‘ladi? Erkin, ozod, mustaqil odam samimiy bo‘lishi mumkin, deydi Maqsud Bekjon.

Maqsud Bekjonning respublika matbuotida e‘lon qilingan bu “iqrornomasi”da muxolifat yetakchisi Muhammad Solih tanqid qilingan edi.

Hozir Norvegiyada siyosiy qochqin maqomida yashayotgan sobiq siyosiy mahbus Maqsud Bekjon, bunday “iqrornoma”larni qamoqdagi tazyiq mevasi deb biladi.

Tutqun odamning iqroriga hujjat sifatida qaralmaydi


Xalqaro huquq me‘yorlarida tutqunlikda qolayotgan odamning iqrori, va u qo‘l qo‘ygan hujjatlar haqiqiy deb tan olinmaydi. Tutqunlikdan ozod bo‘lgan shaxs bu iqrornomalardan bemalol voz kechishi mumkin.

O‘zbekistonlik advokat Sergey Mayorov “fuqarolar faqat erkin holatdagina o‘z fikrlarini erkin ifoda qila oladi” degan fikrni bildirdi.

Mayorov tutqunlikda imzolangan hujjatlarni noqonuniy deb biluvchi qonuniy me‘yorlarning O‘zbekiston qonunchiligida yo‘qligidan afsus bildirdi.

Mayorovga ko‘ra, o‘zbek tutqunlari o‘z iqrornomalarini telekamera va mikrofonlar oldida aytishdan avval bu matnlarni o‘z qo‘li bilan yozib imzolab qo‘yishadi.

Aynan mana shu imzolangan “iqrornomalar” ularning “delo”siga tikib qo‘yiladi, deydi Mayorov.

- Bu iqrornoma qamoqxona noziri oldida turib yozilgan bo‘lsa ham O‘zbekistonda bu qonuniy hujjat hisoblanadi. O‘zbek adliya tizimi Stalin repressiyalariga doyalik qilgan SSSR Bosh Prokurori Vishinskiyning “Iqror - dalillar qirolichasi” (Priznaniye - tsaritsa dokazatelьstv) degan aqidasi asosida ish yuritmoqda, deydi advokat.

Qamoqxona voizi


Qiziltepa qamoqxonasida jazo o‘tayotgan diniy voiz va futbol sharhlovchisi Xayrulla Hamidov bundan avval ham qamoqxonada yozilgan she‘r va va‘zlarini audio va video shaklda jamoatchilikka tarqatgan va bu audioyozuvlar Youtube.com portaliga qo‘yilgan edi.

"Mahkum Xayrulla Hamidov Qiziltepa qamoqxonasi klubida rejissyorlik qiladi, qamoqdagi mahbuslarni qayta tarbiyalashga qaratilgan tadbirlar uyushtiradi", degan edi bu she‘rga munosabat bildirgan Xayrullaning onasi Muqaddas opa.

Bundan oldin Xayrullani qamoqxonada ko‘rib kelgan rafiqasi Ozodlik bilan suhbatda, uning qamoq sahnasida spektakllar qo‘yib, mahkumlarni mutaassir qilayotganini bildirgan edi.

36 yashar Xayrulla Hamidov “O‘zbekiston futboli”, respublika televideniyesida muxbir va sport sharhlovchisi bo‘lib ishlab kelgan. Qamalgunga qadar u futbolga bag‘ishlangan “Interfutbol”, “Chempion” gazetalarida tanqidiy ruhdagi maqolalari bilan chiqayotgan edi.

Xayrulla Hamidov Toshkentdagi “Navro‘z” radiosi orqali efirga uzatilgan “Xolislik sari” eshittirishi, keyinchalik esa “Odamlar orasida” gazetasidagi faoliyati bilan o‘zbekistonliklar orasida shuhrat qozongan.

Xayrulla Hamidov 2010 yilning 21 yanvar kuni hibsga olingan edi.

2010 yil 27 may kuni Toshkent viloyat Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi Xayrulla Hamidovni "Jihodchilar" diniy-ekstremistik guruhiga aloqadorlikda aybdor, deb topib, 6 yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi.

Xayrulla Hamidovning qamalishini qator xalqaro tashkilotlar, jumladan, Hyuman Rayts Uotch, Xalqaro Amnistiya kabi tashkilotlar keskin qoralagan va uning ozodlikka chiqarilishini so‘rab kelmoqda.