Magnitogorskda o‘zbek muhojiri zo‘rlashda ayblanmoqda

Rossiya rasmiylariga ko‘ra¸ aksariyati og‘ir insoniy sharoitlarda yashab-ishlayotgan mehnat muhojirlari orasida og‘ir jinoyatga qo‘l urayotganlar soni ko‘payib bormoqda.

Magnitogorskda qamoqqa olingan 40 yashar Shuhrat Salomov 11 yashar ikki qizni zo‘rlashda ayblanmoqda. Shahardagi o‘zbek muhojirlari Rossiya matbuoti bo‘rttirib taqdim etayotgan bu voqea o‘zlariga nisbatan millatchi guruhlar munosabatinini yanada ëmonlashtirishidan cho‘chimoqda.
Rossiya Tergov qo‘mitasining Chelyabinsk viloyati bo‘yicha rasmiysi Vladimir Shishkovning Ozodlikka ma‘lum qilishicha, Salomov qizlarni pichoq bilan qo‘rqitgan.

- Tergov taxminlariga ko‘ra, joriy yilning 29 aprelida kechki payt Salomov pichoq bilan ikki nafar 11 yoshdagi qizni qo‘rqitib, Magnitogorsk shahrining Lenin tumanidagi tashlandiq uylardan biriga olib kirgan va ularga nisbatan jinsiy tajovuz qilgan, deydi Chelyabinsk viloyati bo‘yicha Tergov qo‘mitasi rasmiysi Vladimir Shishkov.

Tergov ochiqlayotgan dastlabki ma‘lumotlarga ko‘ra, zo‘rlashga uringanlikda ayblanayotgan shaxs deyarli jinoyat ustida qo‘lga olingan.

Shuhrat Salomov Rossiya hududida noqonuniy yashab kelgan. Shu bois, zo‘rlashda ayblanayotgan mardikorning yashash va ishlashini nazorat qiluvchi Federal Migratsiya xizmati va Ichki ishlar vazirligi mahalliy idoralarining faoliyatiga baho berilishi kutilmoqda.

Dastlabki taftish ishlari olib borilgunga qadar O‘zbekiston fuqarosi Shuhrat Salomovni hibsda saqlash to‘g‘risida sud qarori chiqarildi.

Bu hodisaga munosabat bildirgan Chelyabinsk viloyatidagi “Bobur” O‘zbeklar jamiyati raisi Ma‘murjon Qodirov¸ mehnat muhojirlari tomonidan sodir etilayotgan og‘ir jinoyatlarning ko‘payib borayotgani sabablariga to‘xtaladi.

- Bilmadim, qishloqdan chiqmasdan shaharga chiqib yarim-yalang‘ochlarni ko‘rib qo‘zib ketadimi bu axmoqlarniki... Bular faqat qurilishda yurib “golodniy” bo‘lib ketadi-da. Qanday tarbiya berasiz?! Har birini qo‘lidan ushlab yurolmasangiz. O‘zbekistondan kelganidan keyin ayrimlari o‘zgarib qoladi: qo‘liga besh-o‘n so‘m pul tushsa erkinlikni his qilib, yon-atrofga qaramasdan beso‘naqay yuradiganlari ko‘payadi. Tartibga chaqirib qo‘yadigan ota-onasi ham O‘zbekistonda bo‘lsa kerak. Yoshi yetgan 18-20 yoshga kirganlar endi kelishni boshladi. Arg‘amchini uzvolib “Mana, Rossiyaga keldik, hamma ishlarni qilsak bo‘laverar ekan”, deb har xil ishlarni qilgisi keladi, deydi O‘zbeklar jamiyati faoli.

Ma‘murjon Qodirov bunday holatlar Rossiyada anchadan buyon yashab¸ halol mehnat qilib kelayotgan millatdoshlar hayotiga jiddiy salbiy ta‘sir etmoqda, degan xavotirda.

“Mehnat muhojirlari tomonidan sodir etilayotgan har bir jinoyat mahalliy ommaviy axborot vositalarida o‘n karra bo‘rttirib ko‘rsatiladi, taqirboshlar va skinhedlarga esa bahona bo‘ladi”, deya davom etadi O‘zbeklar jamiyati rahbari.

- Bularning qilgan ishlaridan uyalib ham ketasiz. Keyin la‘nati qolganlarga yetadi-da! Bu yerdagi mahalliy aholida ularga nisbatan salbiy qarash paydo bo‘ladi. “Ha, bular ilgaridan shu bilan shug‘ullanib kelgan, och”, deydi. Biz harakat qilamiz madaniy, boshqa tomonlardan gastarbayterlar va mehnat muhojirlari haqida, yaxshi insonlar ekanligini ko‘rsatishga, tasavvur hosil qilishga harakat qilamiz. Har bir shunday vaziyatdan keyin “Nasiluyut i ubivayut nashix detey!”, deydi. Har bir podada bo‘ladiku tirraqisi. .Lekin biz harakat qilyapmiz iloji boricha oldini olishga, “ichmagin, chekmagin”, deb. Yigirma yilga qamalib ketsa nima bo‘ladi? Ota onasi kuyib tugaydiku! Bunaqa ishlarni qanchasini ko‘ryapmiz...Bolalarimizga Xudoning o‘zi insof bersin, deydi Ozodlikka Chelyabinsk viloyatidagi “Bobur” O‘zbeklar jamiyati raisi Ma‘murjon Qodirov.

Rossiya Tergov qo‘mitasining 2011 yil birinchi yarmiga oid e‘lon qilgan hisobotida muhojirlar tomonidan sodir etilayotgan og‘ir jinoyatlar soni oshib borayotganiga e‘tibor qaratilgan.

Hisobotda¸ ayniqsa¸mehnat muhojirlari tomonidan sodir etilgan qotillik va jinsiy tajovuz holatlarining ko‘paygani qayd etilgan.