Urushning so‘nggi askarlariga mukofot topshirildi

Dmitriy Chistoprudov olgan surat.

O‘zbekiston prezidentining maxsus farmoniga muvofiq¸ mamlakat bo‘ylab Ikkinchi jahon urushining 6700 nafar faxriysiga 400 ming so‘mlik pul mukofotlari tarqatildi.
9 may – Xotira va qadrlash kuni bayrami munosabati bilan Qashqadaryo viloyatida istiqomat qiluvchi mingga yaqin Ikkinchi jahon urushi qatnashchisiga 7 may kuni tantanali tarzda 400 000 so‘m miqdoridagi bir martalik mukofot puli berildi.

Bu haqda Ozodlikka bildirgan “Nuroniy” jamg‘armasining Qashqadaryo viloyat kengashi faoli tadbirning tantanali o‘tkazilganini ta‘kidladi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ urush qatnashchilari va jabha orti zahmatkashlari holidan yil boshidan beri muntazam xabar olib kelingan:

- Faxriylar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning statsionar sharoitida davolanishi zarur¸ deb topilgan qismi turli shifoxonalarga yotqizilib, sog‘liklarini tiklashlariga ko‘maklashildi. Nogiron veteranlarga eshitish moslamalari, optik ko‘zoynaklar, protez-ortopedik mahsulotlari va nogironlar aravachalari olishga yordam qilindi¸ deydi "Nuroniy" faoli.

18 aprel kuni O‘zbekiston prezidenti “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmonga qo‘l qo‘ygan edi.

Farmonda¸ urush qatnashchilariga davlat g‘aznasidan 400 000 so‘m miqdoridagi bir martalik mukofot puli berish belgilandi .

Biroq narx-navo o‘sib borayotgan bir vaqtda bu miqdordagi pulning kamligi ham aytilmoqda.

Prezidentning bu marhamatiga sohib bo‘ladiganlar soni esa¸ yildan yilga siyraklashib bormoqda.

2011 yilda rasman O‘zbekistonda 8 600 nafar urush qatnashchisi borligi bildirilgan edi.

Urush qatnashchilari respublika kengashi e‘lon qilgan ma‘lumotga ko‘ra¸ 2012 yilda butun O‘zbekiston bo‘ylab 6 700 nafar urush faxriysi qolgan.

“Nuroniy” jamg‘armasi Qashqadaryo viloyat kengashi faoliga ko‘ra¸ ular orasida jabhada qon kechganlar deyarli qolmagan.

Berlinni olgan Otaboy aka


“Berlinnni zabt qilgani uchun” degan medal sohibi¸ urganchlik Otaboy aka Yo‘ldoshevga 2012 yil bayram kuni sovg‘a olish nasib qilmadi.

Bayramdan oldin Otaboy aka olamdan o‘tdi.

Ayni paytda urush veteranining o‘g‘li Davronbek 9 may kuni dasturxon yozib¸ otasi o‘rniga bayram qilish niyatida.

Davronbek bu bayramga otasi kabi urushda qatnashgan qo‘shnilarini taklif qilmoqchi.

5 yil urushda qatnashgan Otaboy akaning ko‘ksi to‘la orden medal bo‘lgan.

Bunday medallar savdosi bilan shug‘ullanadiganlar ham bor.

Ular veteranlarni atay izlab topib¸ orden-medallarni sotib olishadi.

Otaboy akaning o‘g‘li otasidan qolgan orden-medallarni sotmoqchi emas:

- Bu ordenlarni biz otamizdan qolgan xotira sifatida uyda avaylab saqlaymiz. Sening bobong qahramon bo‘lgan¸ deb deb farzandlarimizga ko‘rsatamiz¸ deydi Davronbek.

1941 yilda 6,5 million aholisi bo‘lgan O‘zbekistondan 1,5 million odam urushga jalb qilingan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, bu urushda yarim million o‘zbek halok bo‘lgan.

Urushda o‘lgan o‘zbeklar orasida yozuvchilar¸baxshilar¸ rassom va kinochilar bor edi.

Maxsus qaror bilan urushdan ozod qilinishi shart bo‘lgan ijodkorlar¸ plan ketidan quvgan mahalliy rasmiylarning jonkuyarligi “bois” frontga jo‘natilgan edi.