"Kalavaning uchi", "Vatangado", endi "Darbadarlik"

“Chet elni havas qilma! O‘zbekistondan tashqarida sen kabilarni o‘z diniga og‘dirishni o‘ylab uyqusini yo‘qotgan nasroniy da‘vatchilar hamda O‘zbekistonni yomon ko‘radigan musulmon diniy ekstremistlar ko‘p!” Bu fikr “O‘zbekiston” telekanalida 6 iyun kuni namoyish qilingan “Darbadarlik” ko‘rsatuviga singdirilgan. Mazkur ko‘rsatuv bu mavzudagi filmlarning birinchisi emas. Shu paytgacha “Vatangado”, “Kalavaning uchi” filmlari ham namoyish qilingandiki, 6 iyun kungi ko‘rsatuvni o‘sha ikki ikki filmning davomi deb tushunish mumkin.
Muallif o‘z tomoshabiniga yetkazmoqchi bo‘lgan asosiy fikr “Darbadarlik” filmining finalida lo‘nda qilib berilgan.

“Xalqimiz bilib aytgan “Sayoq yurgan tayoq yeydi” deb”


Muallif fikricha, “sayoq yurganlar”, ya‘ni ish izlab tashqariga chiqqanlar O‘zbekistonda ko‘p emas. Bu haqda ko‘rsatuv boshida bunday deyilgan.

“Ba‘zi yurtdoshlarimiz “chet elga borsam bo‘ldi, u yerda bir amallab yo‘limni topib olaman” qabilida ish tutib olis o‘lkalardan pul qidirishga chog‘lanayotganiga guvoh bo‘lamiz”.

Ko‘rsatuv davomida o‘sha “ba‘zi” “sayoq yurganlar” o‘z ayblariga iqror bo‘ladilar, tashlagan qadamlaridan pushaymon ekanliklarini izhor qiladilar.

Dastlab opa-singil Dilorom va Muqaddas Xolisovalar Hollandiya kechirgan ko‘rgiliklaridan hasrat qiladi.

Muallifning aytishicha, opa-singilni bu mamlakatdagi qochqinlar lagerlarida qiynoqqa solishgan.

“Lagerlarda Dilorom Xolisova va uning singlisiga past nazar bilan qaralib inson sha‘niga umuman to‘g‘ri kelmaydigan g‘ayriqonuniy qiynoqlarga solinadi. Ularni urib, qo‘rqitib, o‘z yurti O‘zbekiston haqida yolg‘on-yashiq uydirma gaplarni aytishga majburlashadi”.

Boz ustiga opa-singilning aytishicha, ularni bu mamlakatda mahalliy missionerlar nasroniylikni qabul qilishga majburlamoqchi bo‘lganlar.

“Bizlar yo‘q deganimizdan keyin bizlarni xo‘rlab, ustimizdan har xil izdivatsyalar qilishni boshlashdi”.

Opa-singil qay ko‘rinishda xo‘rlangani va qiynoqqa solingani to‘g‘risida aytilmagan.

“O‘zimni musulmon deb og‘zimga ololmadim yillab ko‘rsangiz o‘sha yerda kutib yotdim”, deydi opa-singil Xolisovalardan biri.

Xolisovalar Hollandiyada o‘zini musulmonman, deb aytolmagan bir paytda, ko‘rsatuv boshqa qahramonlarining guvohlik berishlaricha, Yevropaning boshqa mamlakati – Shvetsiyada musulmonlar nafaqat emin-erkin yashamoqda, balki diniy-ekstremistik faoliyat bilan ham shug‘ullanmoqda.

Ularni ko‘rsatuv muallifi “shoqollar to‘dasi”, deb ataydi.

“Ish qidirib ketgan Bahodir Toshmuhammedov ham ijaraga uy axtarib yurib shoqollar to‘dasining yonidan boshpana topadi. Asli o‘zbekistonlik, haqiqiy ismini yashirib hammaga o‘zini “tog‘a” deb tanishtiradigan kimsa Stokgolmga ishlash uchun borgan o‘zbeklarni bir joyga to‘plab ularga diniy ekstremistik, separatistik oqimlarning g‘oyalarini singdiradi”.

Ko‘rsatuvdan ma‘lum bo‘ladiki, Shvetsiyaga borib qolgan Bahodir Toshmuhammedov, Xurshid Hamroyev, Jamshid Jalolov, Xurshid Zokirovlar o‘sha “shoqollar to‘dasi” qo‘ygan tuzoqqa ilinadi.

To‘da boshlig‘i esa, aytilishicha, Obidxon qori Nazarovdir.

Ko‘rsatuv qahramonlaridan biri Xurshid Hamroyev ko‘rgiliklarini bunday eslaydi.

“2009 yil 25 iyun kuni Toshkent xalqaro aeroporti bo‘ylab Toshkent-Riga, Riga-Stokgolm yo‘nalishi bo‘yicha uchib ketdim. U yerda meni Farrux kutib oldi. Bir oy o‘tmasdan “Bolalar bilan yig‘ilishimiz bor, o‘tirishimiz bor, yur olib boraman. Borasan. Uyda zerikib o‘tirasanmi” deb o‘tirishga olib bordi. O‘tirishga olib borganda u yerda 8-9 kishi o‘tirishgan edi. Obid qorining ma‘ruzalarini eshitib o‘tirisharkan”, deydi Xurshid Hamroyev.

Ko‘rsatuvning yana bir qahramoni Jamshid Jalolovning fikricha, Shvetsiyadan boshpana topib olgan diniy ekstremistlarning “maqsadi O‘zbekistonni yomonlash, O‘zbekistonni qoralash. O‘zbekistonda bo‘layotgan to‘g‘ri, oqilona siyosatni noto‘g‘riga chiqarish”.

Uning gapidan so‘ng muallif “Xalqimiz bilib aytgan “Sayoq yurgan tayoq yeydi” deb”
degan xulosa bilan ko‘rsatuvga yakun yasaydi.

Shuni aytish kerakki, 6 iyun kuni namoyish etilgan “Darbadarlik” ko‘rsatuvi shu mazmundagi ilk ko‘rsatuv emas.

Avvalroq, mayning o‘rtalarida “O‘zbekiston” telekanali namoyish qilgan “Vatangado” filmida Shvetsiyadan boshpana topgan imom Muhammadsolih Obutov dinni niqob qilib olib, “xalqni tanazzulga boshlayotgan xiyonatkor” sifatida talqin etilgan edi.

Bundan ikki yil oldin namoyish qilingan “Kalavaning uchi” filmida esa, Shvetsiya Qirolligi bergan boshpanada yashab turgan boshqa bir taniqli imom Obid qori Nazarov ayblangan edi.

Joriy yilning fevralida noma‘lum shaxs tomonidan otib ketilgan va hanuzgacha Shvetsiyadagi kasalxonada qolayotgan Nazarov o‘zi haqdagi film yuzasidan Ozodlik savollariga javob berar ekan, jumladan bunday degan edi.

- Haq so‘zni gapirgan bilan davlat ag‘anab tushmaydi. Mana ko‘rayapmiz, ular ham ko‘rishayapti, Yevropada odamlar bemalol gapiradi. Davlat boshlig‘ini bemalol tanqid qiladi, haqorat ham qilaveradi. Lekin ular kulimsirab tabassum qilib turaveradi. Mana Turkiyada ham xuddi shunday holatlar kuzatiladi. Bu bilan davlatga hech qanday zarar yetmaydi. Men ham MXX xodimlarini, prezident apparati xodimlarini masjiddan turib tanqid qilganman. Bu narsa ular uchun juda ham og‘ir botgan, juda ham qattiq tekkan. Ularning odam o‘ldirish amaliyotlarini gapirganman ochiq. Ana shuning to‘g‘riligi oradan bir necha yil o‘tib mana ko‘rinayapti. Ular qancha odamlarni o‘ldirishdi, qanchasini o‘g‘irlashdi, degan edi Obid qori Nazarov.

“Darbadarlik” filьmi qahramonlari – opa-singil Xolisovalar o‘zlarining Gollandiyada nasroniylikka o‘tishga zo‘r berib da‘vat qilinganliklari, da‘vatni rad etgach esa, azob-uqubatda qolgani to‘g‘risida hikoya qilishdi.

O‘zimizni musulmonmiz, deya olmadik, deyishdi opa-singillar.

Yevropa mamlakatlaridagi ahvoldan sal bo‘lsa-da xabari bor har qanday kishi uchun Xolisovalarning bu gaplari, yumshoqroq aytganda, biroz erish tuyuladi.

Balki chindan ham Gollandiyada bu masaladagi ahvol og‘irroqdir?

Umuman, bu mamlakatda yashayotgan musulmonlarning diniy e‘tiqod erkinligi qanday ta‘minlangan?

Muxbirimiz bu savollarni bir necha yildan beri Gollandiyada yashayotgan o‘zbekistonlik muhojir Nuriddinga berdi.

Ozodlik: Chindan ham shundaymi? Odamga tazyiq o‘tkazish darajasida nasroniylikka o‘tkazmoqchi bo‘lishadimi?

- Yo‘q, unaqa narsa yo‘q bu yerda. Siz aytganday har bitta mamlakatda hozir missionerlar ko‘paygan. Bu yerda ham bor. Aynan lagerlarda qiyinchilikda yashayotgan odamlarga pul va‘da qilishib, o‘zlari tomonga og‘dirishga harakat qilishadi. Lekin majburiy holda ularni zo‘rlash yoki siquvga olish, bosim o‘tkazish hollari bo‘lishi mumkin emas. Chunki hatto sizni diningizga qarab bir jamoada o‘tirganingizda sizni diningizga qarab sal chekkaroqqa qo‘yish yoki boshqalarga qaraganda kamroq yaxshi munosabat qilish ham diskriminatsiya hisoblanadi.

Ozodlik: Opa-singillar “Rad etganimizdan keyin ularning taklifini bizning ahvolimiz o‘ta og‘irlashib ketdi. Azob berishdi, qiynoqqa solishdi” deydi. Qanchalik jon bo‘lishi mumkin bu gapda?

- Men ularning ahvolida qanaqa bo‘lganini bilmayman. Tanimagan odamim haqida bir narsa deyishim qiyin. Lekin shunday narsa Gollandiyada bo‘lganini men ko‘z oldimga keltira olmayman. Bo‘lishi mumkin bo‘lmagan narsa. Men bilgan Gollandiyada unaqa narsa bo‘lishi mumkin emas.

Ozodlik: Opa-singillar “Musulmonmiz deb ovozimizni chiqarishga qo‘rqdik. Musulmonlkigimizni bilintirishga qo‘rqdik” deydi.

- Men sizga bitta gap aytaman. O‘zimning hayotimdan kelib chiqadigan bo‘lsak, mana hozir telefon qilganingizda eshitdingiz odamlarning ovozini hammasi gollandlar. Mening dinim islom bo‘lgani uchun jamoa bo‘lib tushliklar tashkil qilganimizda ham menga alohida e‘tibor berishib, “senga halol go‘sht oldik” deyishadi. Diningiz boshqa bo‘lgani uchun sizni xo‘rlashga hech kimning haqqi yo‘q. Bunga jur‘at qilolmaydi, jasorati yetmaydi hech kimning. Qonun oldida javobgarligi qattiq juda ham.

Ozodlik: O‘zi umuman o‘zbeklar ko‘pmi Gollandiyada?

- Men bilganim 10tacha oila bor. Undan ortig‘ini bilmayman, deydi Gollandiyada yashayotgan o‘zbekistonlik muhojir Nuriddin.