"Davay, da svidaniya!" videosi muallifi xiyonatda ayblanmoqda

"Tolishi sado" gazetasi bosh muharriri Hilol Mammadov.

“Tolishi sado” gazetasi bosh muharriri va Tolish madaniy markazi rahbarining o‘rinbosari Hilol Mammadov davlatga xiyonat qilish hamda milliy, irqiy, ijtimoiy va diniy nizo qo‘zg‘aganlikka oid yangi ayblovlar qo‘yildi.
Bu haqda Ozodlikning Ozarbayjon xizmati ma‘lum qiladi.

Mammadov dastavval 21 iyun kuni noqonuniy ravishda bang moddasi saqlaganlikda ayblanib hibsga olingandi.

Hilol Mammadov shu kunda global tarmoqda mashhur bo‘lib ketgan “Davay, da svidaniya!” (Qani, tuyog‘ingni shiqillat!”) videoroligining muallifi sifatida tanilgan. 2011 yilning 5 noyabrida Ozarbayjonning Tangerud qishlog‘ida tasvirga olingan mazkur videoyozuvda “mayxona” deb atalmish musiqa sadolari ostidagi badihago‘ylik aks etgan. Rolik qahramonlari “Sen o‘zi kimsan? Qani, tuyog‘ingni shiqillat!” jumlasi yordami bilan harifiga so‘z qotadi va davradagi istagan odam bu badihago‘ylikka qo‘shilishi mumkin. Mammadovning o‘zi videoyozuvda ko‘rinmaydi – aytilishicha, u faqat videorolikni tasvirga olib, YouTube saytiga joylashtirgan, xolos.

http://www.youtube.com/embed/UFUtDdgEYwk?feature=player_embedded

Hilol Mammadov tasvirga olgan "Davay, da svidaniya!" roligi. Ushbu rolik Rossiya estradasi yulduzlari Filip Kirkorov va Timati o'rtasidagi janljaldan so'ng taniqli bo'ldi. Timani va bosha rep qo'shiqchilari Kirkorovni masharalovchi "Davay, da svidaniya" roligini suratga olishdi. Rossiyaning 1 kanalidagi "Vecherniy Urgant" dasturida "yulduzlar urushi" qanday boshlangani batafsil tushuntirilgan.

Jurnalistning qarindoshlaridan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, Mammadov 21 iyun kuni ertalab uydan chiqib ketgancha qaytib kelmagan. Keyinchalik uni politsiya hibsga olgani oshkor bo‘ldi. Ayrim ommaviy axborot vositalarida Hilol Mammadov qo‘lga olingan paytda kaltaklanganiga oid xabarlar ham paydo bo‘lgan.

Ozarbayjon huquq-tartibot idoralari uning yonidan geroin topilganini iddao qilganlar. Politsiyachilarga ko‘ra, bang moddasining bir qismi jurnalistning cho‘ntagidan chiqqan, boshqa qismi esa uning uyi tintilganda topilgan.

Ozarbayjonlik huquq faollari va Mammadovning yaqinlari geroin uning cho‘ntagiga atay solib qo‘yilganini hamda jurnalistning hibsga olinishi uning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ta‘kidlaganlar. Biroq Ozarbayjon Ichki ishlar vazirligi bunday da‘volarni rad qilmoqda.

Shu kunda Eron foydasiga josuslikda ayblanayotgan Hilol Mammadov Tolish xalq harakatining rahbarlaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Tolishlar Janubiy Kavkazning forsiyzabon xalqlaridan biri bo‘lib, ular asosan Ozarbayjon janubi va Eron shimolida istiqomat qiladi. 2009 yilda Ozarbayjonda o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish ma‘lumotlariga ko‘ra, respublikada tolish millatiga mansub 112 ming kishi istiqomat qiladi. Boshqa ma‘lumotlarda tolishlar soni 500 mingdan 900 minggacha ekani aytiladi. Onlayn entsiklopediya hisoblanmish Vikipediyada esa butun dunyodagi tolishlar soni 256 ming ekani ko‘rsatilgan.

Hilol Mammadov tolishlar muxtoriyatiga erishishni maqsad qilgan Ozarbayjon xalqlari tengligi partiyasi asoschilaridan va rahbarlaridan biri bo‘lgan. Hozirda u tolish tilida nashr etiladigan “Tolishi sado” gazetasiga rahbarlik qilib keladi.

2008 yil iyunida mazkur gazetaning avvalgi bosh muharriri Novro‘zali Mammadov davlatga xiyonatda ayblanib, 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi. Keyinchalik u qamoqxona kasalxonasida jon bergan.

Novro‘zali Mammadov o‘z gazetasi sahifalari orqali “aksilozarbayjon tashviqotini yurgizganlik”da, “Islom dini asosidagi tolish muxtoriyatini tashkil etish va Ozarbayjon davlatchiligini yo‘q qilish uchun zamin hozirlaganlik”da ayblangandi.