Chustda hasharchi qiz paxtadan qaytayotib avtohalokat qurboni bo‘ldi

2013 yilgi Paxta kampaniyasining navbatdagi qurboni - 21 yashar qiz 14 oktabr kuni mahalliy soat 16. 30 larda sodir bo‘lgan avtohalokatdan boshidan jiddiy tan jarohati oldi va kasalxonaga yetmay jon berdi.

Voqea 1992 yilda tug‘ilgan qizning uyiga yaqin joyda - Namangan viloyati, Chust tumanidagi Axcha qishloq fuqarolar yig‘ini hududida sodir bo‘ldi.


Ozodlikning mutlaqo ishonchli manbalariga ko‘ra, marhumaning ismi Zilola (familiyasi hozircha noaniq). U paxtadan yo‘lovchi tashiydigan “Ford” mashinasida qaytayotib, Axcha qishlog‘i bekatida tushmoqchi bo‘lgan va haydovchi qizning tushishini kutmay mashinani yurgizib yuborishi oqibatida u yiqilib, boshi bilan asfalьtga urilgan.

Xabar yozilayotgan daqiqalarda 2013 yil paxta mavsumining navbatdagi qurboni ota-onasi kasalxonaga yetib kelgan edi.

Chustlik 21 yashar Zilola O‘zbekistondagi bu yilgi paxta terimi kampaniyasining Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan oltinchi qurbonidir.

Nukus shahridagi 1-Tibbiyot kollejining 2-kursida tahsil olgan o‘quvchi Malika Yembergenova yotoqda o‘zini osib qo‘ygani to‘g‘risida 7 oktyabrь kuni xabar bergan edik.

17 yoshli bu o‘quvchi qiz O‘zbekistondagi bu yilgi paxta terimi kampaniyasining beshinchi qurbonidir.

Kuni kecha Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi fermer Abdug‘ani Jumaboyevning 20 yashar kelini (ism-familiyasi hozircha noma‘lum - Tahr.) paxtazorda vafot etgani xabar qilingan edi. Bu ayolning o‘limi sabablari ham noma‘lum qolmoqda.

15 sentyabr kuni Buxoro viloyatining Vobkent tumani Narchoq qishlog‘ida 6 yashar bolakay Amirbek Rahmatov paxta ortilgan pritsepga chiqib uxlab qolgan va shom qorong‘usida uning ustiga tashlangan paxta tagida bo‘g‘ilib o‘lgan.

Qarshi Davlat universiteti Tarix fakulteti milliy g‘oya yo‘nalishining 2-kurs talabasi shu fakultet 4-kurs talabalaridan 4 nafarini 16 sentabr kuni paxta dalasida pichoqlab qo‘ydi. Pichoqlanganlardan biri voqea joyida halok bo‘ldi.

9 sentabr kuni Qarshidagi Hilol agrosanoat kollejining 2-bosqich talabasi, 1996 yili Qarshi tuman, Saroy qishlog‘ida tug‘ilgan Muxlisa O‘rol qizi Rajabova paxta dalasida tok urib nobud bo‘ldi.