Referi Ravshan Ermatov Jahon chempionatida hakamlik qiladi

Referi Ravshan Ermatov Gretsiya terma jamoasi o'yinchisi Georgios Karagunis vaziyatni hal qimoqda. Gretsiya-Argentina o'yini. Janubiy Afrika, 22 iyun 2010.

O'zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov joriy yilning yoz oylarida Braziliyada o'tadigan futbol bo'yicha Jahon chempionati o'yinlariga hakamlik qiladi.

Bu haqda O'zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati Twitter sahifasi orqali ma'lum qildi.

Xabarga ko'ra, JCh-2014 o'yinlariga Osiyodan to'rt hakamlar brigadasi, jumladan, Ravshan Ermatov yetakchilik qilgan brigada ham taklif etilgan.

36 yoshli Ermatovga qanotlarda o'zbekistonlik Abduhamidullo Rasulov va qirg'izistonlik Bahodir Qo'chqorovlar yordam ko'rsatadi.

Eslatamiz, Ravshan Ermatov 2010 yilda Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida ham xizmat qilgan edi. O'shanba Ermatov bir Jahon chempionati davomida jami beshta o‘yinni boshqargan tarixdagi uchinchi hakam bo‘lgan.

O'zbekistonlik referi qatorasiga to‘rt marta - 2008 yildan 2011 yilgacha Osiyoning eng yaxshi futbol hakami deb topilgan.