Nargiz Zokirova Yugrada ushlanganini inkor etdi

O‘zbek va Rossiya matbuotida “Golos” loyihasi yulduzlaridan biri Nargiz Zokirovaning Yugrada ushlangani haqida xabar tarqaldi . Sariq matbuot xabarlarida AQSh fuqarosi Nargiz Zokirovaning qonunga zid ravishda kontsert berganlik uchun ushlangani yozildi. Ozodlik bilan suhbatda asli o‘zbekistonlik qo‘shiqchi bu xabarlarni "uydirma" deb atadi.

“Golos” loyihasida g‘olib chiqib, Rossiya va boshqa mamlakatlarda tanilgan qo‘shiqchi Nargiz Zokirova Xanti-Mansiysk o‘lkasida “noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanganlik” iddaosi bilan FMS xodimlari tomonidan ushlanganini xabar qildi Nijnevartovskdagi mahalliy “Ekspress-gazeta”.

Bu xabarda Nijnevartovsk shahridagi San‘at saroyida o‘tkazilgan kontsert dasturidan keyin Nargiz Zokirova mahalliy Federal migratsiya xizmati xodimlari tomonidan bir necha soatga ushlab qolingani va viza rejimini buzgani uchun unga nisbatan ma‘muriy protokol tuzilgani aytildi.

“Obь” mehmonxonasi xo‘jayini Yelena Dergunova jurnalistlarga Nargiz otelning eng yaxshi “Gorbachyov yashagan” xonasida turganini ayta turib¸ FMS xodimlari Zokirova pasportiga bosilgan sayyohlik vizasi uning mamlakatda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishga imkon bermasligi asosida unga ma‘muriy chora qo‘llaganini bildirgan. Shuningdek, Dergunova iddaosicha¸ Nargiz Zokirova mehmonxonaga 12 ming rubl miqdoridagi xizmat haqlarini to‘lashdan bosh tortib, mehmonxonani tark etgan.

Bu xabarni tarqatgan “Ekspress-gazeta” muxbirlari izoh so‘rab Nijnevartovskdagi kontsert tashkilotchisi Andrey Chmiryovga murojaat qilgan. Chmiryov esa¸ “Nargizning faqat ijodiy kechaga tashrif buyurgani¸ uning shaharda hech qanday kontsert bermagani”ni ma‘lum qilgan.

Ozodlik muxbiri voqea tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Nargiz Zokirovaning o‘ziga murojaat qildi.

Facebook sahifasi orqali muxbirimiz bilan aloqaga chiqqan Nargiz Zokirova “Buning hammasi uydirma gap))) Mening ishlarim joyida, hech kim meni ushlab qolgani yo‘q)))” (Da eto polniy bred!)))) Ya v poryadke, nikto menya ne zaderjival))) deya javob qaytardi.

Ayni paytda¸ Nargizning Tyumen o‘lkasining boshqa shaharlarida o‘z kontsert dasturlari bilan chiqish rejasi jamoatchilikka e‘lon qilingan. Bu kontsertlar taqdiri nima bo‘lishiga oid savolga javob bergan xonanda:

“Menda hamma hujjat joyida!!!)) Gastrollar ayni avjida!)” (U menya yest vse, chto polagayetsya!!!)) Gastroli v polnom razgare!)¸ deb yozdi.

Yugra Federal migratsiya xizmati boshqarmasining Ozodlik muxbiri bilan o‘zini tanishtirmasdan gaplashgan rasmiysi AQSh fuqarosi bo‘lgan o‘zbek xonandasining ushlangani va unga nisbatan ma‘muriy protokol tuzilganidan bexabarligini aytdi.

Ural federal okrugida kontsert berishni davom ettirayotgan Zokirovlar sulolasi vakilasi Nargiz Surgut va Yekaterinburg shaharlarida muvaffaqiyatli chiqish qilgan. Buning bu shaharlardagi kontsertlari migratsiya xizmati xodimlari e‘tiborini o‘ziga jalb qilmadi.