Konchita Vurst taxallusi bilan tanilgan avstriyalik Tomas Noyvirt “Yevrovideniye-2014” qo‘shiq tanlovining final bosqichida g‘alaba qozondi. “Feniks yanglig‘ hayotga qaytaman” (Rise Like a Phoenix) qo‘shig‘ini ijro etgan xonanda ovoz berish natijalariga ko‘ra 290 ball jamg‘arib, raqiblarini ancha ortda qoldirib ketdi.
Transvestit Konchita Vurstning zafari Yevropadagi tolerantlilikning ramzi o‘laroq baholanmoqda.
“Yevrovideniye-2014” tanlovida ikkinchi o‘rin Hollandiyadan bo‘lgan The Common Linnets guruhiga (238 ball) nasib etdi. Uchinchi o‘rinni esa shvetsiyalik Sanna Nilsen (218 ball) egalladi.
10 may kuni o‘tkazilgan “Yevrovideniye” finalida Ukraina, Belorussiya, Ozarbayjon, Islandiya, Norvegiya, Ruminiya, Armaniston, Chernogoriya, Polsha, Gretsiya, Avstriya, Germaniya, Shvetsiya, Frantsiya, Rossiya, Italiya, Sloveniya, Finlyandiya, Ispaniya, Shveytsariya, Vengriya, Malta, Daniya, Hollandiya, San-Marino va Buyuk Britaniya vakillari o‘zaro kuch sinashdi.
“Yevrovideniye” qo‘shiq tanlovi 1956 yildan buyon har yili o‘tkazib kelinadi. So‘nggi bahsda vakili g‘olib bo‘lgan mamlakat tanlovga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritadi. O‘tgan yili Daniya vakili g‘olib bo‘lgani sababli bu yil “Yevrovideniye” Kopengagenda o‘tkazildi.
Daniyaga mezbonlik huquqini o‘tgan yili Shvetsiyaning Malmyo shahrida bo‘lib o‘tgan “Yevrovideniye” qo‘shiq tanlovida g‘olib chiqqan Emmili de Forest olib bergandi.