Eksklyuziv: Nomi xotiralardan o‘chayotgan Andijon qurbonlari ro‘yxati
Andijon voqealaridan 9 yil o‘tib Bobur maydonidagi otishma chog‘ida o‘lganlarning aniq soni hanuz noaniq qolmoqda. Fojia guvohi Baxtiyor Muxtorov hukumat o‘qiga uchgan va rasmiy ro‘yxatga kirmagan 87 kishining ism-familiyasini aniqlab, 2010 yilda Yevroparlamentga taqdim qilgan. Bu yil Ozodlik 2005 yilning kuzida bo‘lgan Oliy sud mahkamasida o‘qib eshittirilgan rasmiy ro‘yxatni ilk bor e‘lon qilmoqda.
Rasmiy ro‘yxat:
Shu kunga qadar 2005 yil 13-14 may kunlari Andijon shahrida bo‘lgan qonli voqealar chog‘ida qurbon bo‘lganlar soni noaniqligicha qolmoqda.
Rasmiy Toshkent taqdim qilgan ro‘yxatda qurbonlar soni 187 kishi, deb taqdim qilingan va bu ro‘yxatning bir qismi 2005 yilning sentyabr-oktyabr oylarida O‘zbekiston Oliy sudida bo‘lgan mahkamalar chog‘ida o‘qib eshittirilgan, xolos. Ro‘yxat rasmiy matbuotda ham chop etilmagan.
Quyida sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazilgan Andijon fojiasi qurbonlarining sudda o‘qib eshittirilgan rasmiy audio-ro‘yxatni tinglashingiz mumkin.
(Bu ro‘yxatda faqat ekspertizadan o‘tkazilgan 154 qurbonning nomi keltirilgan. Rasmiylar e‘tirof etgan yana 33 qurbonning ismi-familiyasi Ozodlikka ma‘lum emas)
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Oliy sudda o‘qib eshittirilgan ro‘yxat
Norasmiy ro‘yxat:
Faqat 2010 yilga kelib matbuotga fojia qurbonlarining rasmiy ro‘yxatga qo‘shimcha ravishda tuzilgan ilk va yagona ro‘yxati voqea guvohi, andijonlik qochqin Baxtiyor Muxtorov tomonidan taqdim qilingan. Qochqin 87 kishining ismi bitilgan bu ro‘yxatni 2010 yilda Yevropa parlamentiga taqdim qilgan.
- Shu kungacha O‘zbekiston hukumati 187 odam halok bo‘lgan, deb kelgan. Unga qarshi biror bir tashkilot, biror-bir fakt bilan chiqmagan. Ko‘pi 1000 ta, ko‘pi 500 ta – hamma har xil variantni keltirgan. Lekin hech kim aniq bir faktga asoslanib, bir nima keltirmagan. Biz “Andijon – Adolat va Tiklanish” tashkiloti tomonidan monitoring o‘tkazib, anketalar tuzib, shu anketalarni qirg‘indan omon qolgan muhojirlikda yashayotgan do‘stlarimizga tarqatdik. Shulardan 226 ta anketa oldik. Shu asosda 87 kishining nomini aniqladik. Bular respondentlarimizga tanish bo‘lgan qurbon bo‘lganlarning ism-familiyasi, - degan edi Baxtiyor Muxtorov Ozodlik muxbiri bilan 2010 yilda qurilgan suhbatda.
Shuningdek, 2010 yilda bedarak yo‘qolgan 11 shaxs nomi ham aniqlangan va quyida Ozodlik ushbu ro‘yxatni mushtariylar e‘tiboriga havola qiladi.
("Andijon-Adolat va Tiklanish" tashkiloti faollari taqdim qilgan bu ro‘yxatni Ozodlik boshqa mustaqil manbalar orqali tasdiqlash imkoniga ega bo‘lmadi)