Atambayev O‘zbekiston hukumatining Qirg‘izistonga nisbatan siyosatini tanqid qildi

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev O‘zbekiston hukumati Qirg‘izistondagi “Qambar-Ota-1” GESining qurilishiga qarshi ekani va gaz berishni to‘xtatib, temir yo‘l tizimiga cheklov kiritganini tanqid qildi.

Bu haqda Atambaev Qozog‘istonning 24.kz telekanaliga bergan intervyusida aytdi.

- O‘zbekistonga bungacha bir necha bor taklif etganmiz, hozir ham aytmoqdamiz – ular “Qambar-Ota-1” GESining qurilishiga o‘z hissasini qo‘shsa bo‘ladi. O‘tmish xotirasi bilan yashash kerak emas. Qo‘shnini dushman qatori ko‘rish ham to‘g‘ri emas. Gazni o‘chirdi, temir yo‘lga cheklov kiritdi. Qo‘shnilar bir-biriga yordam berishlari kerak. “Qambar-Ota-1” GESi nafaqat Qirg‘izistonni, balki qo‘shni o‘lkalarni ham elektr energiyasi bilan ta‘minlay oladigan loyihadir. Buni ko‘zi ko‘r odamgina ko‘rmaydi yoki ko‘rishni istamaydi, - dedi Qirg‘iziston prezidenti.

O‘zbekiston hukumati Rossiya yordamida qurilayotgan “Qambar-Ota-1” GESi mintaqadagi suv balansini buzishini aytib, uning qurilishi qarshilik qilib keladi.

Shuningdek, O‘zbekiston joriy yilda “Qirg‘izgaz” shirkatining Rossiyaning “Gazprom” kopmaniyasiga sotilishi ortidan O‘sh shahriga gaz berishni to‘xtatib qo‘ygan edi.