O‘zbekistonda saylov payti qamoqxonalar yopiladi

Joriy yil 15 dekabridan boshlab, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi tizimidagi qamoqxonalar, manzil koloniyalar 22 dekabrga qadar yopiladi. Qamoqxonalardagi bir haftalik karantin parlament saylovlari payti xavfsizlikni ta‘minlash maqsadida amalga oshirilayotgani aytilmoqda.

13 dekabr kuni O‘zbekiston IIV O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi (JIEBB) boshlig‘i, polkovnik Abdukarim Shodiyevning koloniyalarni vaqtincha yopish haqidagi buyruq-telegrammasi tegishli idoralarga jo‘natilgan.

“Ozodlik” bilan mikrofonsiz suhbatda bu haqda gapirib bergan Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi 64/6-sonli penitsiar muassasa tezkor vakiliga ko‘ra, mazkur amaliyot shu yilning 21 dekabriga belgilangan Parlamentning qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlarga o‘tkaziladigan saylov tufayli amalga oshirilmoqda.

“Bir haftalik muddat davomida zonalar kak karantindek ishlaydi. Mahkumlarga o‘z yaqinlari bilan uchrashuvlar berilmaydi, peredachalar olinmaydi. Shuningdek, zonalarning ichki tartib-qoidalari kuchaytiriladi. Xodimlar ham usileniyaga o‘tishadi. Hatto 27 dekabrda yana bir hafta yopilishi mumkin degan gaplar bor” deydi tezkor vakil Ozodlik muxbiriga.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasining navbatchilik qismi bu holatni tasdiqladi, ammo vaziyat yuzasidan izoh bermadi.

O‘zbekistonlik huquq himoyachilariga ko‘ra, jinoyat ijroiya tizimi bilan bog‘liq bunday vaziyatlar tez-tez takrorlanib turadi. Xususan, mustaqillik bayrami va boshqa siyosiy ahamiyatga ega tadbirlar arafasida muassasalar muayyan paytga tashqari bilan aloqani uzadi. Rasmiylar aksar hollarda bunday vaziyatni profilaktika va xavfsizlik bilan dastaklaydilar.

O‘zbekiston jinoiy ijroiya tizimi Ichki ishlar vazirligi tizimida qolayotgan kam sonli davlatlarning biridir. Tizim takomillashtirilgan aksar mamlakatlarda pinetsiar muassasalarni boshqarish Adliya tizimi ixtiyoriga berilgan.