Jalolobodlik dindorlar tug‘ruqda erkak doya ishtirokiga qarshi chiqayapti

Qirg‘izistonning Jalolobod shahrida faoliyat yurituvchi “Islom ta‘limi” jamoatchilik jamg‘armasi shaharlik ayollar va erkaklar nomidan ombudsmenning viloyat bo‘yicha vakiliga arznoma yuborib, unda tug‘ruq jarayoniga erkak akusherlarni kiritmaslikni so‘ragan.

Bu masalani ko‘tarib chiqqan “Islom ta‘limi” jamoatchilik jamg‘armasi rahbari Dilmurod hoji O‘ro‘zov tug‘ruq jarayoniga erkaklarni qatnashtirmaslik sababini quyidagicha izohlaydi:

- Ikki yil oldin shaharliklar: “Tug‘ruq paytida erkak kishi ishtiroki to‘g‘ri emas” deb, bizga murojaat qilishgan edi. Bir guruh fuqarolar mening nomimga murojaatnoma yozishib, bu masalani hal qilib berishimni so‘rashgan. Shundan so‘ng men ombudsmenning viloyat bo‘yicha vakiliga xat yubordim. Chunki shariatda ayol kishining uyatli joylarini ko‘rsatish uyoqda tursin, begona erkakka tik qarashi taqiqlanadi. Ayollarning tanlash huquqi borligini hisobga olib, butun musulmon jamoatchiligi sog‘liqni saqlash sohasi vakillaridan bu masalani hal qilib berishni so‘raymiz, - deydi Dilmurod hoji O‘ro‘zov.

Diniy tashkilotning mazkur masalaga oid arizasi ayni damda o‘rganilayotganini ombudsmenning Jalolobod viloyati bo‘yicha vakilasi Alima Amanova ham tasdiqladi. Har bir ayolning tanlash huquqi borligini aytgan ombudsmen vakili shu hafta shaharliklar arizasi bo‘yicha tegishli joylarga ma‘lumotnoma yuborishini bildirdi.

Shifokorlar nima deydi?

Jalolobod viloyat tug‘ruqxonasida bugungi kunda to‘rt erkak akusher ishlaydi. Ularning biri 28 yillik tajribaga ega akusher-ginekolog Qo‘chqo‘rbay Sultanovdir. Kasbi bilan faxrlanadigan shifokor tug‘ishda yordam bergani ayollar orasida ro‘mollilar talaygina ekanini aytadi.

- Ayrim ro‘mol o‘ragan ayollar to‘lg‘oq tutayotgan paytda mening tug‘dirishimga qarshi chiqishadi. Ayolning sog‘ligi va bolaning eson-omon tug‘ilishi mening bo‘ynimda ekani tufayli bunday hollarda ulardan tilxat yozdirib olishga to‘g‘ri keladi. Lekin ahvoli og‘irlashib, tug‘olmay qiynalib qolishsa, mendan yordam so‘rashadi. Menday bundaylardan xafa bo‘lmayman. Oq xalatlilarni ayol-erkakka ajratib, ulardan shubhalanish to‘g‘ri emas, - deydi Qo‘chqo‘rbay Sultanov.

Viloyat kasalxonasi shifokori Aman Nuraliyevning aytishicha, tibbiyotda barcha bemorga birdek e‘tibor beriladi va shifokorning eng birinchi vazifasi inson salomatligini asrashdir.

- Men “erkak shifokor tug‘dirmasin” degan fikrga mutlaqo qo‘shilmayman. Bemorning millati yoki jinsi biz uchun birdek. Shifokor sifatida ont ichganimizdan so‘ng qiynalayotgan odamga yordam berish bizning burchimiz. Ayollarga bunday tortinmaslikni tavsiya qilgan, biz uchun siz va farzandingizning umri qimmatli ekanini aytgan bo‘lar edim, - deydi Aman Nuraliyev.

Ayni paytda Qirg‘izistonda qo‘li yengil deb, ayollarga qaraganda erkak mutaxassislarga ko‘proq murojaat homilador ayollar ham kam emas. Jalolobodlik O‘ro‘zali Qarasartov din vakillarining bu tashabbusiga qarshi ekanini yashirmaydi:

- Din vakillari endi meditsinaga aralasha boshlashdimi? Shart-sharoitga qarab, ayrim paytlarda erkak kishi tug‘dirgan hollarni ko‘rib turibmiz. Masalan, xomilador ayol tug‘ruqxonaga yetmasdan yo‘lda haydovchi ko‘magida tuqqan vaziyatlar bo‘lgan. Ko‘p erkaklar hozir kindik ota bo‘lib yurishibdi. Shuning uchun bu murojaatni to‘g‘ri emas, deb o‘ylayman, - deydi O‘ro‘zali Qarasartov.

Islom olimlari ayollarning akusher-ginekolog ko‘rigidan o‘tishiga zaruriyat paydo bo‘lsa, ayol mutaxassislarga murojaat etishi lozimligini, biroq buning ilojisi bo‘lmasa, favqulodda vaziyatlarda o‘z mahrami hamrohligida erkak shifokorga ko‘rinishi mumkinligini aytishadi.

2006 yili Shvetsiyadan boshpana olgan o‘zbek imomi, suiqasddan so‘ng ikki yildan beri komada qolayotgan Obidxon qori Nazarov bir necha yil avval bu savolga qo‘yidagicha javob bergan edi.

- Agar ayol kishining vrachga ko‘rinishi juda zarur bo‘lib qolgan bo‘lsa va ayol vrach topilmasa, erkak vrachga murojaat qilish mumkin. Ammo shart shuki, vrach ko‘rigi avvalo mahram ishtirokida bo‘lishi lozim. Homilador ayol akusherga ko‘rinishi zarur bo‘lib qolgan bo‘lib, ayol vrach topilmasa, erkakka ko‘rinishi joiz. Ammo zarurat qay darajada jiddiy? Shuni e‘tiborga olish lozim, - degan edi Obidxon qori Nazarov.

Muhtaram mushtariy, Siz bu masala bo‘yicha qanday fikrdasiz?