Ozodlikning Turkmanistondagi uch muxbiri so‘roq qilinmoqda

Ozodlikning Ashxoboddagi muxbiri go‘sht uchun navbatni suratga olgani uchun tahdidga uchramoqda.

Keyingi kunlarda Ozodlik radiosining uch muxbiri Turkmaniston xavfsizlik xizmati idorasiga chaqirtirilib¸ so‘roq qilindi. Muxbirlarning Ozodlik radiosidagi faoliyati va yozgan maqolalari xavfsizlik tizimlari tarafidan mamlakat osoyishtaligiga tahdid deb malakalangan.

Ozodlikning Lebob viloyatidagi muxbiri Usmon Xolliyev o‘tgan shanba kuni fuqaro kiyimidagi politsiya xodimlari tarafidan Turkmaniston xavfsizlik xizmati idorasiga olib ketilgan.

“Usmon Xolliyev to‘rt soat davomida so‘roq qilinib¸ uyga qo‘yib yuborildi”¸ deb habar qildi Ozodlikning yana bir muxbiri Mardon Sariyev.

Usmon Xolliyevning o‘zi esa¸ Ozodlik bilan suhbatda hibsga olinish tafsilotlarini gapirib berdi:

- Mening hibsga olinishimga Turkmanobod shahridagi ellikta turar joyning buzilishini videotasvirga olganim sabab bo‘ldi. Meni o‘sha yerni o‘zidan mashinaga solib olib ketishdi. Agar qarshilik qilsang¸ qo‘l oyog‘ingni kishanlab tashlaymiz deyishdi¸ deydi Xolliyev.

Bundan 10 kun oldin Ozodlikning Ashhoboddagi muxbiri¸ 60 yashar Sultonoy Ochilova go‘sht bozoridagi navbat bilan bog‘liq mojaroni suratga olayotganida qo‘lga olingan edi.

Sultonoy Ochilova politsiyaning kuchaytirilgan naryadi vositasida Turkmaniston xavfsizlik xizmati idorasiga olib kelinib¸ so‘roq qilinganidan keyin kechga yaqin uyiga qo‘yib yuborilgan.

Sultonoy Ochilovaning fotoapparati musodara qilingan.

Sultonoy Ochilovaning poytaxtdagi “Mir” bozoridagi go‘sht do‘konlari oldidagi ur-yiqitni rasmga olgani mamlakat osoyishtaligiga tahdid deb malakalangan.

O‘tgan hafta Ozodlikning yana bir muxbiri Turkmaniston xavfsizlik tizimlari tarafidan qo‘lga olingan edi.

Muxbirning oilasi uning ismi ochiqlanmasligini iltimos qildi.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ 30 yoshlik bu jurnalist yigit Ashxobod ko‘chalari va bozorlarini tasvirga olayotganida hibsga olingan.

Ayni paytda Turkmaniston qamoqlarida o‘nlab jurnalist va fuqaroviy jamiyat faollari jazo o‘tamoqda.

Ulardan biri turkmanistonlik taniqli jurnalist Sardor Rahimov 2002 yildan beri qamoqda qolmoqda.

O‘tgan yili Ozodlik radiosi muxbiri Ravshan yozmuhammedov sobiq Chorjo‘y hozirgi Turkmanobod shahrida qo‘lga olinib ikki hafta qamoqda qolgan edi.

yozmuhammedov Turkmaniston aksilterror idorasi tarafidan qo‘lga olingan edi.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi Xalqaro Amnistiya, Human Rights Watch, ommaviy axborot vositalari xodimlarini muhofaza qiladigan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotlari va Yevropo Ittifoqi Ravshan yozmuhammedovning ozod etilishini talab qilganidan keyingina Ozodlik muxbiri Ravshan yozmuhammedov hibsdan chiqarilgan edi.

Ozodlik radiosi jurnalistlari Turkmanistonda tazyiq va hibslarga muntazam duch kelishadi.

2006 yilda turkman qamoqxonasidan Ozodlik muxbiri O‘g‘ilsapar Murodovaning jasadi yaqinlariga qaytarilgan edi.

Mustaqil kuzatuvchilar¸ Turkmanistonni so‘z erkinligi va demokratiya eng ko‘p toptalayotgan davlatlardan biri sifatida baholab keladi.