Qandahordagi aerodromga qilingan hujumdan tinch aholidan 37 kishi nobud bo‘ldi

Qandahor viloyatidagi aerodromga qilingan hujum oqibatida tinch aholidan 37 kishi nobud bo‘ldi. Bu haqda Afg‘oniston mudofaa vazirligi xabar qildi. Hujum qilgan jangarilardan 9 nafari o‘ldirilgan.

Chorshanbaga o‘tar tunda toliblar Afg‘oniston janubidagi Qandahor viloyatidagi bosh harbiy aerodromga hujum qilgani to‘g‘risida avvalroq xabar qilingan edi.

Tomonlar ko‘rgan talafotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bir-biridan farqlanmoqda. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, hukumat harbiylaridan 9 kishi hamda bir noharbiy halok bo‘lgan. Shuningdek, uch jangari ham o‘ldirilgan.

Qandahordagi Afg‘oniston qo‘mondonligi 18 kishining o‘lgani va 28 kishining yaralanganini xabar qildi.

Hujumga nishon bo‘lgan aerodrom viloyat markazi Qandahor shahridan 30 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, Afg‘onistondagi ikkinchi yirik havo maydonidir. Bu aerodromdan Xalqaro kuchlar foydalanadi.

NATOning Afg‘onistondagi kuchlari qo‘mondonligi chet ellik harbiylar orasida qurbonlar yo‘qligi to‘g‘risida bayonot berdi.