General Rahimov Samarqanddan ham quvildimi?

Samarqandda general Sobir Rahimov ko‘chasi nomi Umarqul Usmonov nomiga almashtirildi. Sovet Ittifoqi qahramoni bo‘lmish general Rahimov o‘rniga ko‘chaga sohiblangan Usmonovning mahalliy prokuraturada ishlagani aytilmoqda. Avvalroq o‘zbek rasmiylari Toshkentdagi bir tuman va metrostansiyadan ham Sobir Rahimov nomini olib tashlagandi.
12news.uz nashrining yozishicha, Sobir Rahimov ko‘chasi nomini o‘zgartirish haqidagi qaror Samarqand shahar Xalq deputatlari kengashi tomonidan chiqarilgan.

Hujjatda mazkur qaror “Devori ko‘ndalang” mahalla fuqarolar yig‘ini hamda alohida fuqarolarning murojaati”ni, shuningdek, viloyat hokimiyati qoshidagi toponimik komissiya majlisining tegishli bayonnomasini e’tiborga olgan holda qabul qilingani aytiladi.

Samarqandlik taniqli jurnalist va bloger Toshpo‘lat Rahmatullayevga ko‘ra, Samarqandda Umarqul Usmonovni prokuraturaning sobiq xodimi sifatida biladilar.

Qozog‘iston nashrlarining yozishicha, Ikkinchi jahon urushi faol ishtirokchisi, Sovet Ittifoqi qahramoni general Sobir Rahimov qozoq millatiga mansub bo‘lib, Sovet O‘zbekistonida dong taratgan qahramonlardan biri edi.

Lenin, Suvorov, Kutuzov va Qizil yulduz ordenlari hamda qator medallar bilan mukofotlangan Rahimov, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentda, boshqa ma’lumotlarga ko‘ra esa Qozog‘iston janubida tug‘ilgan. General Rahimov g‘alabaga oz qolganda – 1945 martida frontda halok bo‘lgan va Toshkentda dafn etilgan.

2010 yil noyabrida Toshkentda Sobir Rahimov nomli metro stansiyasi nomi Olmazorga o‘zgartirilgan.

2011 yili esa O‘zbekiston poytaxtidagi tumanlardan biridan ham general Rahimov nomi olib tashlangan. Hozir bu tuman “Olmazor” deb ataladi.

O‘sha yiliyoq Toshkentda Sobir Rahimov haykali ham olib tashlangan.

Keyinroq Farg‘ona viloyati va Urganch shahridagi Sobir Rahimov ko‘chalarining ham nomi almashtirildi.

Biroq rasmiylar O‘zbekistonda Sobir Rahimov nomi ko‘chalar, litsey va maktablardan nima sababdan olib tashlanayotgani haqida biror-bir izoh bermayaptilar.

Bugungi kunda Qozog‘istonning ko‘pgina shaharlarida Sobir Rahimov haykallari bor. Bunday haykallarning so‘nggisi shu yil mayida Chimkent shahrida o‘rnatilgan.

O‘zbekistonda sovetcha mafkura timsoli bo‘lgan nomdagi tuman va shaharlar nomini o‘zgartirish amaliyoti anchadan beri kuzatilayotir.

Ayrim kuzatuvchilarga ko‘ra, sovet davridagi yodgorliklar, o‘sha davr qahramonlari nomlari O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov tomonidan olib borilayotgan aksilsovetcha siyosat tufayli “mafkuraviy qatag‘on”ga uchramoqda.