Prokuratura “Asaka” bank raisi hibsga olinganini tasdiqladi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mamlakatdagi eng yirik banklardan biri hisoblangan “Asaka” banki boshqaruv raisi Qahramon Oripovning hibsga olinganini tasdiqladi.

Sputnik agentligining Bosh prokuratura vakiliga tayanib, xabar qilishicha, Oripov valyuta jinoyatlari va noqonuniy daromadlar legalizatsiyasi bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanib, hibsga olingan.

Toshkent shahar prokuraturasining Valyuta, soliq va noqonuniy daromadlarni legallashtirish jinoyatlariga qarshi kurash departamenti bir haftadan buyon bankda taftish o‘tkazmoqda.

Ushbu taftish natijasida bankning valyuta-kredit operatsiyalari bilan shug‘ullanuvchi ikki top-menejeri ishdan bo‘shatilgan. Hozirda ular Oripov ishi bo‘yicha guvoh sifatida qatnashmoqda.

5 fevral kuni Ozodlik o‘z manbalariga tayanib Oripovning hibsga olingani haqida xabar qilgan edi.

Bank mulozimlari avtomobil savdosi bilan bog‘liq valyuta ayirboshlash operatsiyalaridan tushadigan valyutani muntazam ravishda "qora bozor"ga chiqarib, ikki baravar qimmatga sotish bilan shug‘ullangani haqida iddaolar bor.