O‘zbekistonda o‘tgan yili 16 mlrd dollarlik investitsiya o‘zlashtirildi

O‘tgan yili O‘zbekistonda 40,737 trillion so‘mlik (15,7 milliard dollarlik) investitsiya o‘zlashtirildi.

O‘zbekiston davlat statistika qo‘mitasi hisob-kitobicha, investitsiyalar bo‘yicha o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlar 2014 yilga nisbatan 9,6 foizga yaxshilangan.

Xorijiy investitsiya va kreditlarning 59,1 foizi yoqilg‘i-energetika sohasiga, 19,2 foizi transport va aloqa sohasiga, 3,6 foizi engil sanoat sohasiga, 1,4 foizi kimyo va neft-kimyo sanoatiga jalb etilgan.

Joriy yil yanvarida Jahon banki O‘zbekistonga 4 milliard dollarlik kredit berishini bildirganidan so‘ng xalqaro huquq faollari, kasaba uyushmalari va biznes sohasi vakillaridan iborat Cotton Campaign koalitsiyasi 9 mart kuni Vashingtonda Jahon banki prezidenti Jim Kimga O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga kredit berishni to‘xtatib turish talabi bilan petitsiya topshirdi. Petitsiyani butun dunyo bo‘ylab 140 ming odam imzolagan.