AQSh Moliya vaziri sanksiyalardan ortiqcha foydalanish iqtisodga zarar yetkazishidan ogohlantirdi

AQSh Moliya vaziri Jek Lyu.

AQSh Moliya vaziri Jek Lyu sanksiyalardan haddan tashqari ko‘p foydalanish Amerika iqtisodiga zarar yetkazishi hamda boshqa mamlakatlarni dollardan voz kechishga majburlashi mumkinligidan ogohlantirdi.

Obama ma’lmuriyati Eron, Rossiya, Shimoliy Koreya kabi hukumatlar¸ qolaversa turli terrorchilik va narkotiklar kontrabandasiga aloqador guruhlarni jazolash uchun sanktsiya rejimidan foydalanib keladi.

Bunday choralarning samaradorligiga shubha bildirgan AQSh Moliya vaziri Jek Lyu sanksiyalarni joriy qilish masalasi borasida uzoq mulohaza qilib, strategik istiqbolni ko‘zda tutgan holda qaror berish kerakligini ta’kidladi.

“Biz sanksiyalardan haddan tashqari ko‘p foydalanish global iqtisoddagi etakchi pozitsiyamiz hamda sanksiyalarimizning samaradorligiga putur yetkazishini anglab etishimiz kerak”, dedi Lyu Karnegi xalqaro tinchlik jamg‘armasida qilgan chiqishida.

Lyuning ta’kidicha¸ sanksiyalardan haddan tashqari ko‘p foydalanish xorij shirkatlarini AQSh va uning moliya tizimini chetlab o‘tish yo‘llarini qidirishga majburlashi, bu esa AQSh dollari ta’siri hamda uning dundagi asosiy zahira valyutasi maqomini yemirishini qo‘shimcha qildi.

“Agar xorij hukumatlari va shirkatlari bizni yetarlicha asossiz yoki noo‘rin sabablarga ko‘ra sanksiya, ayniqsa, ikkinchi darajali sanksiyalar joriy qiladi, deb o‘ylasa, ular AQShda yoki AQSh dollari bilan ish olib borishni chetlab o‘tish yo‘llarini izlashsa, hayron bo‘lmasligimiz kerak”, dedi u.

“Dollar va moliya tizimimizdan foydalanishni AQSh tashqi siyosatiga qancha ko‘p bog‘lasak¸ yaqin kelajakda boshqa valyuta va moliyaviy tizimlarga o‘tish xavfi shuncha ko‘p oshadi”, deya so‘zini davom ettirdi kotib.

“Dunyo iqtisodidagi muhim rolimizni qadrlashimiz kerak. Amerika dollarining eng muhim rezerv valyutasi sifatida tutgan o‘rnini egallay oladigan boshqa alternativalarning jahon moliya tizimida tutgan o‘rni yanada oshsa, sanksiyalardan haddan tashqari ko‘p foydalanish biznes faoliyatni AQSh moliya tizimidan boshqa yo‘nalishga burishi xavfi ham oshadi”.

Lyu Eron yadroviy faoliyati uchun joriy qilingan davomli sanksiyalar kabi ikkinchi darajali og‘ir sanktsiyalar kamdan-kam hollarda qo‘llanilishi kerakligini, chunki ular hatto AQSh fuqarosi bo‘lmagan shaxslarning jazolanayotgan shirkat yoki shaxslar bilan ishlashiga to‘sqinlik qilishini aytdi.

Yanvar oyida Eron va dunyoning qudratli davlatlari o‘rtasida uzoq yillar davom etgan muzokaralar ortidan Tehronga qarshi xalqaro sanksiyalar bekor qilingan, evaziga Eron o‘z yadroviy dasturini qisqartirish majburiyatini zimmasiga olgan edi.

Shuningdek¸ AQSh Moliya vaziri Rossiya 2014 yil bahorida Qrim yarim orolini anneksiya qilgani ortidan individual rossiyaliklar va shirkatlarga qarshi joriy qilingan sanksiyalar Rossiya iqtisodini cho‘ktirishga qaratilmaganini ham ta’kidlab o‘tdi.