AQSh Kremlni Qrim-tatarlar majlisiga qarshi taqiqni bekor qilishga chaqirdi

Qo‘shma Shtatlar Rossiyani Qrim- tatarlar majlisini ekstremistik tashkilotlar ro‘yxatiga kiritish haqidagi qarorini bekor qilishga chaqirdi.

Bu haqda AQSh Davlat departamenti rasmiysi Jon Kirbi bayonotida aytiladi.

Bayonotda Qrim- tatarlar majlisi ushbu xalq vakillarini kamsitishdan saqlash, ular madaniyatini asrash uchun muhimligi ta’kidlanib, uning taqiqlanishi demokratiya tamoyillariga zid ekanligi aytilgan.

Shuningdek, Kirbi Rossiyani Qrim bo‘yicha nazoratni Ukrainaga qaytarishga chaqirib, yarimorol okkupatsiyasi davom etar ekan, Rossiyaga nisbatan sanksiyalar saqlanib qolishidan ogohlantirgan.

18 aprel kuni Rossiya Adliya vazirligi Qrim tatarlar majlisini ekstremistik tashkilotlar ro‘yxatiga qo‘shib, uning faoliyatini taqiqlab qo‘ydi.

Ukraina hukumati tomonidan 1999 yili jamoatchilik tashkiloti o‘laroq ro‘yxatga olingan Qrim-tatarlar majlisi yarimorolning Rossiyaga kuch bilan qo‘shib olinishiga qarshi chiqib keladi.

Sanog‘i 2,5 million kishiga etadigan tatarlar Qrim aholisining 12 foizini tashkil etadi. Ularning ko‘pi 2014 yil martida yarimorol Rossiya tomonidan anneksiya qilinganidan keyin Qrimni tark etgan.

Yarimorolda qolgan tatarlar esa Moskva dastaklayotgan rasmiylar tomonidan turli bosim va tazyiqlarga uchrayotganidan shikoyat qilib keladilar.