Antibiotikka chidamli bakteriya topildi

AQShda ilk bor antibiotiklarning eng so‘nggi avlodiga ham chidamli bo‘lgan bakteriya topildi.

Amerika shifokorlari "superbakteriya" deb atayotgan ushbu bakteriya Pensilvaniyada yashovchi 49 yashar ayol organizmida topilgan bo‘lib, unga kolistin umuman ta’sir qilmayapti.

Kasallikka chalingan bu ayol 6 oy davomida Amerikadan tashqariga chiqmagan. Shuning uchun olimlar ushbu bakteriyaning "vatani" AQSh degan qarorga kelishgan.

Olimlar yaqin kelajakda antibiotiklar ta’sir qilmaydigan boshqa ko‘plab bakteriyalar paydo bo‘lishidan xavotir bildirayapti.

“Ushbu holat antibiotiklar umri tugaganini va tezkor terapiya bo‘limlarida davolanayotgan bemorlarimizga antibiotiklar topa olmaydigan vaziyatga tushib qolishimiz mumkinligidan darak berayapti”, deydi AQShdagi Kasalliklar oldini olish va nazorat qilish markazi rahbari Tom Friden matbuotga bergan intervьyusida.