Andijonlik tadbirkor Hulkar Isaqovning hibsga olingani iddao qilinmoqda

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Hulkar Isoqov Andijonda tanilgan tadbirkorlardan biridir.

Ozodlik manbalarining bildirishicha¸ Andijon viloyat va shahrining sobiq hokimlari bilan yaqindan ishlab kelgan mahalliy tadbirkor Hulkar Isaqov faoliyati huquq tizimlari tomonidan tekshirilmoqda. Isaqov shirkati vakili uning “dam olish”ga ketganini bildirgan bo‘lsa¸ norasmiy manbalar Isaqovning MXX izolyatorida so‘roq etilayotganini iddao qilmoqda.

Hulkar Isaqov¸(erkak kishi – tahr.) andijonliklar orasida shahardagi eng yirik “Piyozpoya” choyxonasi¸ qolaversa¸ qator mehmonxona¸ sauna va boshqa ko‘ngilochar joylarining egasi sifatida tanilgan.

“Uning Piyozpoyadagi choyxonasining kamida 50 ta alohida xonasi bor edi. O‘zbekistonda bunaqa choyxona boshqa joyda yo‘q. Bu choyxonada marosim o‘tkazish uchun odamlar Toshkentdan maxsus kelishardi”¸ deb ta’riflaydi tadbirkorligini choyxonachilikdan boshlagan Hulkar Isaqov biznesini oddiy andijonliklardan biri.

Ikki yil burun uning choyxona va ofislariga qora maskalilar reyd uyushtirganidan so‘ng¸ Hulkar Isaqov tekshir-tekshirlardan omon chiqqan va o‘tgan yili choyxona va saunalarini ta’mirlab¸ “Sadoqat koshonasi” degan nom bilan xususiy kasalxonaga aylantirgan.

Mazkur kasalxona vakilining Ozodlikka bildirishicha¸ Hulkar Isaqov anchadan beri xodimlari ko‘ziga ko‘rinmay qolgan va ularga “boshliqning dam olishga ketgani” aytilgan¸ xolos.

- Bizga shunaqa deyishdi. Boshliqni hadeb surishtirolmaymiz. Lekin hamma yoq tinch¸ o‘g‘li Humoyun ham ishlab yuribdi. Hulkar aka chet elda dam olayotgan bo‘lsa kerak¸ dedi “Sadoqat koshonasi”ning o‘zini tanishtirmagan vakili.

Ayni paytda¸ Ozodlikka o‘z manbalaridan kelayotgan xabarlarga ko‘ra¸ Hulkar Isaqovning ko‘chasida “hamma yoq tinch” degan gapda ko‘p ham asos yo‘q.

Ozodlikning Andijondagi ayrim manbalari¸ Hulkar Isaqovning chet elda dam olayotgani haqidagi xabarni yolg‘on deb baholadi va tadbirkorning bir haftadan beri MXX izolyatorida so‘roq-javob qilinayotganini iddao qildi.

“Andijonda tanilgan tadbirkor Hulkarni barcha oila-a’zolari¸ tanish-bilishlarigacha opketayapti. Sababi o‘g‘li bilan bog‘liq”¸ deyiladi jumladan Ozodlikka yo‘llangan qisqa xabarda.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Andijon viloyat hokimligiga yaqin manba¸ Hulkar Isaqovning bu gal Toshkent viloyatining sobiq hokimi Ahmadjon Usmonov ustidan borayotgan tergov doirasida yana MXX nishoniga aylanganini iddao qildi:

- 2014 yilgi reydlar¸ aka-uka Sharifxo‘jaevlar bilan bog‘liq edi. O‘shanda Hulkarni anchaga tushirib¸ yana qo‘yib yuborishgan edi. Chunki uning kuchli krishalari bor. Qayerdaki pul bo‘lsa¸ Hulkar o‘sha joyda. Toshkentda Salimboydan tortib¸ Andijonda viloyat va shahar hokimlari bilan ish qilardi. Yer savdosi¸ namunali uy qurish bormi¸ paxta va un savdosi bormi¸ meva-sabzavot eksporti bormi¸ Hulkar hammasiga aralashgan. Bu oldi-berdilar¸ bu “tadbirkorlik” davomida davlatning qanchadan-qancha pullari g‘oyib bo‘lgan. Hulkarning yana MXX tomonidan so‘roq qilinayotgani¸ Andijon va Toshkent viloyatlarining sobiq hokimi Ahmad Usmonov ustidan ochilgan jinoiy ish bilan bog‘liq. O‘g‘lining ham so‘roq qilinayotganida asos bor¸ chunki Hulkarning ancha-muncha shirkati o‘g‘lining¸ akasining¸ boshqa oila-a’zolarining otiga ochilgan. Masalan¸ “Monolit” qurilish MChJsi o‘g‘li Humoyunning nomida¸ deya iddao qiladi Ozodlik manbasi.

Ozodlik hozircha Andijonning katta boylaridan sanalgan Hulkar Isaqovning hibsga olingani va MXX tomonidan so‘roq qilinayotgani haqdagi bu ma’lumotlarni rasman tasdiqlay olmadi.

(Bu jarayondan yaxshi xabardor bo‘lsangiz¸ tafsilotlarni Ozodlikka yo‘llashingiz mumkin.)