Qo‘qonlik Rahbarxon Odilovani Bosh prokuror qabul qilganiga 3 oy bo‘ldi, natija yo‘q

Rahbarxon Odilova 2014 yilda o‘tkazgan piketlardan biri.

Olti yildan beri huquqlari tiklanishi uchun kurashib kelayotgan qo‘qonlik 73 yoshli Rahbarxon Odilova va uning oila a’zolari O‘zbekiston Bosh prokuraturasi harakatsizligidan norozilik bildirib, prezident rezidentsiyasi oldida yana yangi piketlarni o‘tkazmoqchi. Rahbarxon Odilova o‘z oilasi haq-huquqlari tiklanishi uchun 2014 - 2015 yillarda prezident saroyi va Oliy Majlis binolari oldida qator piketlarni o‘tkazgan hamda Bosh prokuror uning oilasi vakilini qabul qilishiga erishgan edi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Qo‘qonlik 73 yoshli Rahbarxon Odilova piketlarni davom ettirmoqchi

Oila a’zolari bilan bosqinchilikda ayblanib qamalgan va 2010 yilda amnistiya tufayli ozodlikka chiqarilgan 73 yoshli Rahbarxon Odilova qamoqda saraton kasaliga chalingan.

Ozodlik radiosi Qo‘qon go‘sht kombinatidagi korrupsiya va kombinatning talon-taroj qilinishiga qarshi turgani ortidan Rahbarxon Odilovaning qizlari Iroda va Muhayyo, o‘g‘li Najot noqonuniy tarzda sudlanib, ozodlikdan mahrum etilgani haqida besh yildan beri yozib keladi.

Uning qizi Muhayyo 2006 yilda tergov izolyatorida saqlanayotgan paytda militsiya xodimlar tomonidan zo‘rlangan. Rahbarxon Odilova qizini zo‘rlagan militsiya zobitlari jazoga tortilishini talab qilgani uchun sohta ayblov bilan qamalganini aytib keladi.

Rahbarxon Odilova og‘ir kasallikka chalinganiga qaramay 2014-2015 yillar davomida oilasi huquqlari tiklanishi, o‘zlariga nisbatan sohta ayblovlar bilan jinoyat ishini uyushtirganlar jazolanishini talab qilib prezident saroyi va Oliy Majlis binolari oldida qator piketlarni o‘tkizgan.

Rahbarxon Odilovaning piketlari ortidan Bosh prokuraturada uning qizi Iroda Bosh prokuror tomonidan qabul qilingan. Iroda Odilova bu voqedan uch oy o‘tgan bo‘lsa-da, Bosh prokuratura haligacha ularning ishi yuzasidan chora ko‘rmaganini aytdi:

- 2016 yil 6 may kuni meni Bosh prokuror qabuliga olib kirishdi. “Abdullaev qabul qiladi, prokuror”, deyishdi. O‘sha kishiga hamma shikoyatlarimni aytdim. Oradan bir oy o‘tgach javob olgani borsam, qo‘limga qog‘oz tutqazishdi. O‘sha qog‘ozda “Sizning ishingiz shu kungacha tekshiruvda”, deb yozibdi. Ikkinchi oy ham javob olgani bordim, yana “ishngiz tekshiruvda” degan qog‘oz berishdi. Mana uch oydan beri boshqa javob yo‘q, -dedi Iroda Odilova.

Rahbarxon Odilova saraton kasalidan muolaja olayotgani tufayli uning o‘zi bilan gaplashish imkoniyati bo‘lmadi. Lekin Iroda Odilovaning aytishicha, onasi bemor ekaniga qaramay, Bosh prokuraturadan shu hafta ichi javob bo‘lmasa, yana prezident saroyi oldida piket o‘tkazishni davom ettirish niyatida.

Rahbarxon Odilova hech bo‘lmaganida qamoqdaligi paytida undan noqonuniy tortib olingan uyidan kichkinagina bir xujra ajratib berilishiga erishmoqchi. Oila a’zolari qamoqda o‘tirgan paytda Odilovlarning uylari talon-taroj qilingan va hovli noqonuniy ravishda sotilgan. Odilovlar oliasi qamoqdan chiqqanidan beri ijara uylarda yashab kelmoqda.

“Onam: “Men o‘lsam jasadim qaerdan chiqadi, hech bo‘lmasa shu uyimdan bir hujra berishsin, o‘sha yerdan chiqaringlar meni”, deb yig‘laydi”, deydi Iroda Odilova.

- Har oyning birinchi jumasida bosh prokuror arizachilarni qabul qiladi. Juma kuni yana qabulga boraman. Agar javob bo‘lmasa, onam juda qiynalib ketdi, yana piketlarga chiqmoqchi. Go‘sht kombinatni sotganlar, jinoyatni qilganlar ko‘chada erkin yurishibdi, bizni esa huquqlarimiz buzilayapti, -dedi Iroda Odilova.

Ozodlik muxbirining mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi qabulxonasi va matbuot xizmatidan izoh olish harakati samarasiz yakunlandi. Bosh prokuratura qabulxonasi xodimi Odilovlar masalasida hech qanday ma’lumotga ega emasligini aytdi.

Matbuot xizmatida esa Ozodlik radiosidan telefon qilayotganimizni aytganimizdan so‘ng, telefon go‘shagini qo‘yib qo‘yishdi va qo‘ng‘iroqlarimizga boshqa javob berilmadi.