O‘zbekistonning 3 hududida dollarga savdo qilishga ruxsat berilishi kutilmoqda

Erkin iqtisodiy zonalar (EIZ)da chet el valyutasida hisob-kitob va to‘lovlarni amalga oshirishga ruxsat beriladi, shuningdek, bu zonalar ishtirokchisi bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar-rezidentlar ham o‘z tovarlari va xizmatlarini EIZ ishtirokchilariga chet el valyutasiga sotish huquqini oladi.

Bu me’yor Vazirlar Mahkamasining YeI zonalarda maxsus valyuta rejimining amal qilish tartibiga oid nizomni tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror loyihasida nazarda tutilgan.

Qaror loyihasi O‘zbekiston hukumatining ma’yoriy-huquqiy hujjatlar portalida jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Yaxshi yangilik

O‘zbekiston hukumatining sobiq mulozimi, Ostonadagi Yevroosiyo universiteti dotsenti, iqtisodchi Saparboy Jubaevning aytishicha, qabul qilinishi kutilayotgan qaror yaxshi yangilikdir.

- Dastlabki yaxshi yangilik – Erkin iqtisodiy zonalardagi korxonalarning o‘zi ishlab topgan valyutaga o‘zi egalik qila olishidir. Bunday zonalardan tashqaridagi korxonalar esa, valyuta tushumlarini Markaziy bankka majburan sotishi lozim. Ular orasida 100%, 50%, 25% ini sotadiganlari bor, dedi mutaxassis.

Qabul qilinishi kutilayotgan hujjatga binoan YeI zonalar ishtirokchilari zona ichida bir-biri bilan o‘zaro tuzilgan shartnoma va kontraktlar asosida hisob-kitoblarni va to‘lovlarni chet el valyutasida amalga oshirishi mumkin.

YeI zonalar ishtirokchilarining savdodan, shu jumladan tovarlar eksportidan tushgan chet el valyutasidagi pullari majburiy tarzda ularning tijorat banklaridagi hisoblariga tushirilajagi aytilgan qaror loyihasida.

YeI zonalardan tashqaridagi o‘yinchilar uchun yaxshi yangilik yo‘q

Qaror loyihasida YeI zonalar ishtirokchisi bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar-rezidentlar ham o‘z tovarlari va xizmatlarini EIZ ishtirokchilariga chet el valyutasiga sotish huquqini olajagi nazarda tutilgan.

Lekin bunday sub’ektlar uchun, Saparboy Jubaevning fikricha, yaxshi yangilik yo‘q.

- Tashqaridagi sub’ektlar Erkin iqtisodiy zonadagilar bilan savdo qilishi mumkin, lekin ular tushirgan valyutasini mamlakat uchun umumiy tartib bo‘yicha ishlatadi. Valyutasining 50 foizini yoki hammasini Markaziy bankka sotadi, chunki ular Erkin iqtisodiy zonada emas, dedi iqtisodchi.

So‘mi konvertatsiyalanmaydigan mamlakatda YeI zonalar

O‘zbek so‘mi konvertatsiyalanmasligi mamlakat mustaqillikka erishganidan buyon hal qilinmay kelayotgan muammodir va bu holat mahalliy tadbirkorlar oldida ham, chet el investorlari uchun ham katta to‘siq bo‘lib kelayotgani hech kimga sir emas. Yechimini kutayotgan bu muammo oqibatida shu kunda butun mamlakat aholisi dori-darmonsiz qolish xavfi ostida qolgani to‘g‘risida Ozodlik noyabrning oxirida xabar qilgan edi.

Erkin iqtisodiy zona nima?

Bu savol javobi 1996 yilning 25 aprelida prezident Karimov imzolagan va 2009 yilda tahrir qilingan “Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonunda bunday berilgan:

“Erkin iqtisodiy zona — mintaqani jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun mamlakat va chet el kapitalini, istiqbolli texnologiya va boshqaruv tajribasini jalb etish maqsadida tuziladigan, aniq belgilangan ma’muriy chegaralari va alohida huquqiy tartiboti bo‘lgan maxsus ajratilgan hududdir.

Erkin iqtisodiy zona hududida yuridik shaxslar va fuqarolar (jismoniy shaxslar) xo‘jalik, moliyaviy va boshqa faoliyatning istalgan turlari bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yiladi, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida man etilgan faoliyat turlari bundan mustasno”.

Hozir uchta...

Shu kunda O‘zbekistonda uchta erkin iqtisodiy hudud – 2008 yilda tuzilgan Navoiy viloyatidagi "Navoiy", 2012 yilda tashkil topgan Toshkent viloyatidagi "Angren" va 2013 yilda tuzilgan Jizzax viloyatidagi "Jizzax" iqtisodiy zonalari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

...yana uchtasi tashkil etiladi

Joriy yil 4 noyabrida O‘zbekiston bosh vazirining o‘sha kunlardagi birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar hukumat rahbarlari kengashining Bishkekda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida mamlakatda yana uchta: Farg‘ona viloyatida "Qo‘qon", Samarqand viloyatida "Urgut" va Buxoro viloyatida "G‘ijduvon" Erkin iqtisodiy zonalari barpo etilajagi to‘g‘risida bayonot berdi.

Azimovga ko‘ra, bu iqtisodiy zonalar zimmasiga mahalliy aholini ish bilan ta’minlash, davlat byudjetiga tushumni oshirish hamda xorij sarmoyalarini jalb qilish yuklatiladi.

Mirziyoevning farmoni

Erkin iqtisodiy zonalarga oid yana bir hujjatni 2016 yilning 26 oktyabrida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev imzolagan edi.

"Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmon O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilish, yangi yuqori texnologik ishlab chiqarish maydonlarini kengaytirish uchun sharoitlarni yaratish hamda mahalliy aholini ish bilan ta’minlash maqsadida qabul qilingani aytilgan.

Butun O‘zbekistonni Erkin iqtisodiy zonaga aylantirib qo‘ysa bo‘lmaydimi?

Anoyining shu va boshqa savollariga O‘zbekiston hukumatining sobiq mulozimi, Ostonadagi Yevroosiyo universiteti dotsenti, iqtisodchi Saparboy Jubaevning javoblarini tinglang:

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Iqtisodchi Saparboy Jubaev O‘zbekistondagi EI zonalar to‘g‘risida