Rossiya oliygohlari 2016 yilda O‘zbekistondan to‘rt mingdan ko‘proq talaba qabul qilgan. Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Vladimir Tyurdenev yil yakunlariga bag‘ishlanib 20 dekabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida keltirgan bu raqamlarga ko‘ra, Rossiyada jami 17 mingdan ziyod o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda.
Farg‘ona viloyatidan kelib, texnika oliygohlaridan birida tahsil olayotgan Nargiza Rossiyadagi minglab xorijlik talabalardan biridir.
Ozodlik bilan suhbatda u Rossiyada o‘qishning afzal tomonlarini sanab o‘tishga urindi:
- O‘zbekistonda bu yerga nisbatan o‘qishga kirish qiyinroq. Qolgan sabablari – dunyo ko‘rish. Pasportimni birinchi marotaba qo‘limga olganimda, “Nahot boshqa davlatlarni ko‘rmasdan o‘tib ketaman?”, deb o‘ylaganman. Til o‘rganiladi, dunyoqarash kengayadi – turli xil tilda gaplashadigan odamlarni ko‘rdim bu yerda. Yana boshqasi maqtanish uchun o‘qishga kirgan. Hammada har xil sababdan kelgan. Lekin, bilim olishni orzu qilib keladiganlar asosiy qismidir, deydi Nargiza.
“Rossiyada o‘qish qiyin, lekin qiziqarli!”
Rossiya ta’lim fan vazirligi hisob-kitobiga ko‘ra, so‘nggi 10 yilda Rossiyadagi xorijlik talabalar soni salkam 3 barobarga ko‘paygan – 2005 yilda ular soni jami 100 ming atrofida bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib ular soni 290 mingga etgan.
Ozodlik xorijda tahsil olib qaytgan o‘zbekistonliklarning nostrifikatsiya va diplomlarining O‘zbekistonda e’tirof etilishi muammosi bilan to‘qnashayotgani to‘g‘risida xabar berib kelgan.
Nargizaning aytishicha, Rossiyada ta’lim olishning o‘zbek talabalari uchun o‘ziga xos qiyinchiliklari ham bor.
- Ko‘pchilik talabalarimiz tilga qiynalishadi. Bu yerga asosan oilasi yeb-ichishi, kiyimini ta’minlab bera oladigan talabalar keladi va moddiy qiyinchilik unchalik sezilmaydi. Ularning ko‘pi o‘rtahol. Keyin, O‘zbekistonda kontraktda o‘qiganingiz Moskvada byudjetda o‘qiganingizga teng bo‘ladi. Albatta, O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlari saviya darajasini bilmayman va Rossiyaniki bilan solishtira olmayman. Ammo, o‘qiganim kollejlardagi bilan juda farq katta: kollejlarimizda bilim berilmaydi! Korrupsiya elementlari bor, lekin umuman olganda, bu yerda bilim ko‘proq beriladi. Bizda davomot tekshiriladi, berilayotgan bilimni hech kim tekshirmaydi. 90 foiz bollarimiz o‘z bilimlariga ishonib o‘qib kelayapti. Afsuski, 10 foiz chala qilib o‘qib yurgan, haydalib ketayotgan talabalarimiz ham bor, dedi o‘zbekistonlik talaba Nargiza.
Rossiyada o‘zbekistonlik talabalar soni ko‘paymoqda
2016 yil oxiriga kelib Rossiya oliy ta’lim tizimida 607 davlat va 358 nodavlat oliygohlari faoliyat yuritib kelmoqda. Bu oliy o‘quv yurtlarining turli mamlakat va mintaqalarda 2 mingdan ziyod filiallari ham bor.
Hozirda Rossiya Federatsiyasi oliy o‘quv yurtlarida 4,7 million rossiyalik va xorijlik talaba bilim olmoqda.
Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Vladimir Tyurdenev Rossiyada o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar soni oshganini ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarning yaxshilangani bilan izohladi.
- Ta’lim sohasida aloqalarimiz mustahkamlanib bormoqda. Rossiya oliy o‘quv yurtlaridagi talabalar soni bo‘yicha O‘zbekiston MDH davlatlari orasida birinchilar qatorida kelmoqda – 17 mingdan ziyod. 2016 yilning o‘zida 4 mingdan ortiq o‘zbek abiturientlari Rossiya oliygohlariga o‘qishga kirgan, dedi Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Vladimir Tyurdenev yil natijalari bo‘yicha hisobotida.
Elchi V.Tyurdenev matbuot anjumanida hisobot berdi
Elchi O‘zbekistonda rus tilini o‘rganishga ham qiziqish tobora ortib borayotgani va diplomatik vakillik tomonidan O‘zbekistonda rus tilini saqlab qolish va rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotganini qayd etdi.
(Fotosurat Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi rasmiy saytidan olindi)
Bugungi kunda O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan 6 xorijiy davlat oliygohi filiallarining 3 tasi Rossiya oliygohlariga tegishli. Ular qatorida M.Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universiteti, G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti, I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti filiallaridir.
Son jihatdan o‘zbekistonliklar Rossiyada o‘qiyotgan qozog‘istonliklardan (27,5 ming) keyin ikkinchi o‘rinda turadi.