O‘zbekistonda transport vositalarini o‘g‘irlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi nazarda tutilgan qonun 2016 yil, 27 dekabrda kuchga kirdi.
Yangi qonunga binoan, endilikda, O‘zbekistonda mashina o‘g‘irlagan shaxs, jinoyati bilan bog‘liq tafsilotlardan kelib chiqib, 5 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Qonundan maqsad
Jinoyat Kodeksiga 27 dekabrdan boshlab kiritilayotgan o‘zgartishlardan maqsad “transport vositasini olib qochish jinoyati uchun jazoning sodir etilgan qilmishga mutanosibligini ta’minlash, jinoyat qonunchiligining ogohlantiruvchi-profilaktik funksiyasi samaradorligini oshirish” ekanligi aytilgan edi.
Nima o‘zgardi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 6 oktabrda qabul qilgan, Senat 12 oktabrda tasdiqlagan “Jinoyat Kodeksiga tuzatishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni prezident Mirziyoev 26 dekabrda imzoladi.
27 dekabr kuni imzolangan qonun bilan Jinoyat Kodeksining 267-moddasida (“Transport vositasini olib qochish”) nazarda tutilgan jazo me’yorlari kuchaytirildi.
Endilikda transport vositasini o‘g‘irlagan shaxs 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Shu paytgacha ushbu jinoyatni sodir etganlar 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilar edi.
Xuddi shunday jinoyat takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
yoki bir guruh shaxslar tomonidan avvaldan til biriktirgan holda;
yoki zo‘ravonlik yoki zo‘ravonlikni qo‘llash tahdidi bilan; yoxud, transport vositasini o‘g‘irlash yoki zo‘ravonlik bilan egallab olish vositasida amalga oshirilsa, 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolashga asos bo‘ladi.
Shu paytgacha bunday holatlar uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi nazarda tutilgan edi.
Agar transport vositasini o‘ta xavfli retsidivist; yoki uyushgan jinoiy guruh o‘g‘irlasa, yoki bosqinchilik yo‘li bilan egallab olish orqali sodir etilsa, 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etishga asos bo‘ladi.
Shu paytgacha bunday holatlar uchun 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi nazarda tutilgan edi.
Mashina o‘g‘irlash ko‘paydimi?
Oliy Majlis deputati Sherzod To‘xtashevga ko‘ra, so‘nggi 3 yil ichida transport vositalarini o‘g‘irlash holatlari 65% ga ortgan.
Xuddi shunday ko‘rsatkichni mashina o‘g‘rilari uchun jazo choralarini kuchaytirish taklifini parlamentga kiritgan Bosh prokuratura ham keltirgan.
Lekin deputat va Bosh prokuratura aytayotgan 65% zamirida qanday raqam yotibdi? Bu savolga Internetdagi ochiq manbalarda javob topilmadi.
O‘zbekistonlik huquqshunos Ruhiddin Komilovning Ozodlikka aytishicha, “bu sohada statistik ma’lumotlar e’lon qilinmaydi”.
- Bosh prokuraturaga ko‘ra, so‘nggi 3 yilda mashina o‘g‘irlash 65% ga ortibdi...
- Nimaga nisbatan, qaysi raqamga nisbatan bu foiz? Bilmaymizku buni? Raqamlar e’lon qilinmaydiku? Shaxsan menga so‘nggi 1 yil ichida faqat 1 kishi shunday jinoyat yuzasidan huquqiy yordam so‘rab murojaat qildi, demak, o‘zimning tajribamdan kelib chiqib, xulosa qiladigan bo‘lsam, mashina o‘g‘irlash ko‘paymayotgan bo‘lib chiqadi, dedi Ruhiddin Komilov.
Keyingi yillarda mashina o‘g‘irlash holatlari ko‘paygani to‘g‘risida Ozodlik bir necha bor yozgan. Xususan, 2014 yilda Toshkentda mashina o‘g‘rilari faollashgani, 2015 yilda esa, mashina o‘g‘irlashning ko‘paygani aholi orasida xavotir uyg‘otayotgani to‘g‘risida xabar qilgan edik.
Konkret raqamlarda aks etadigan informatsiya so‘rab Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatiga qilgan murojaatimizdan ish chiqmadi.
Lekin vazirlik saytida mashina o‘g‘irligiga oid bir necha xabarga ko‘zimiz tushdi. Saytning ruscha sahifasida joriy yilning so‘nggi 4 oyida mashina o‘g‘irlangani yoki o‘g‘rilashga urinilganiga oid 5 ta xabar e’lon qilingan. Biroq bu ma’lumotlar ham qiyoslash imkoni bo‘lmagani uchun xulosa chiqarishga imkon bermaydi.
Karimovning qonuni
“Transport vositalarini olib qochganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risida”gi dastlabki qonunni O‘zbekiston hali SSSR tarkibida bo‘lgan davrda – 1991 yilning 15 fevralida prezident Islom Karimov imzolagan edi.
1995 yilning 15 avgustigacha amal qilgan bu qonunda mashina o‘g‘rilari uchun belgilangan jazo shu kungacha amal qilgan qonundagidan kuchliroq, bugun kuchga kirgan qonunda belgilab qo‘yilganidan esa, kuchsizroq edi.