O‘zbek kinoaktyori 41 yashar Rashid Shadat (Abdurashid Shodiev) taniqli hollivud rejisseri Jey Jey Abrams suratga olgan “Yulduzlar jangi” filmida rol o‘ynadi.
“Yulduzlar jangi”ning Rashid Shadat rol ijro qilgan qismi namoyish qilingan ilk shanba –yakshanbada 528 million dollarga chipta sotib yig‘imlar bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi.
Bu shov-shuvli filmda suratga tushish oson bo‘lmadi deydi Rashid:
- Yulduzlar jangining oldingi qismida beshta tanlovdan keyingi qismida esa uchta tanlovdan o‘tdim. Mening ishtirokimdagi sahnalar London g‘arbidagi PINEWOOD studiyasida suratga olindi. Rejissyor Gares Edvards va aktyorlar Felisiti Jons , Diego Luna, Riz Ahmed kabi yulduzlar bilan ishlash nasib qildi¸ - deydi shu kunlarda Londonda istiqomat qilaëtgan san’atkor.
Rashid Shadatning aytishicha, "Yulduzlar jangi" badiiy filmi silsilasining yangi — “Kuchning uyg‘onishi” seriyasida Jakku sayyorasi vakili rolini ijro etgan.
Ozodlik bilan suhbatda Rashid Shadat ko‘zlari yashil bo‘lgani uchun bu filmga taklif qilinganini aytdi:
- Bu sayyordagi jangchilarning ko‘zlari yashil bo‘ladi. Meni ko‘zlarim tabiiy yashil bo‘lgani kinochilarga ma’qul keldi¸ - deydi suhbatdosh.
Unga ko‘ra, “o‘zga sayyorani bosqinchilardan himoya qilayotgan jangchilardan birining rolini” mamnunlik bilan o‘ynagan.
Rashid Shadat o‘ynagan kinodan parcha
O‘zbek teatr maktabida Stanislavkiy uslubida rol o‘ynash mahoratiga ega Rashid Shadatning tirishqoqligi rejissyorga ma’qul kelgani ortidan u “jangchi”larga o‘nboshi bo‘lish rutbasiga noil bo‘lgan:
- Men bir yarim yil armiyada bo‘lganim ish berdi. Qurol ushlashimni ko‘rgan rejissyor menga orqa qatordan chiqib, oldingi safga turishni so‘radi va boshqalarga jangda qanday harakat qilish kerakligini o‘rgat, dedi. “Jang” sahnasi sayyoraga tunda bosqinchilar kemasining qo‘nishi bilan boshlanadi. Qo‘limizdagi qurollarimiz haqiqiyga o‘xshar, otganda ovoz chiqarib, lazerli olov purkardi, - deya hikoya qildi suhbatdosh.
10 yoshidan boshlab Toshkentdagi "Yosh tomoshabinlar" teatrida rollar o‘ynagan Rashid keyinchalik "Ilhom" teatrida malaka oshirdi. Muhojir sifatida Britaniyaga ishlash uchun kelgan Rashid bir muddat Londondagi yagona o‘zbek teatri - "Orzu Arts"da faoliyat olib bordi. Bu orada Rashid Shadat Tom Kruz ishtirokidagi "Bajarib bo‘lmas missiya", Jeyms Bondning sarguzashtlari haqida hikoya qiluvchi "Spektr" filmlarida ham kichik rollarni ijro etdi.
Endigi maqsadim katta kinoda katta rollarni ijro qilish, deydi o‘zbek akterlari ichida eng ambitsiyali deya tanilgan Rashid Shadat Ozodlik bilan suhbatda.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Rashid Shadat bilan suhbat