“O‘zsanoatqurilishbank”ning Toshkent shahridagi bo‘limlari aholiga maktub yo‘llab, ularni tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga da’vat qilib, qulay kreditlar berishni taklif qilmoqda. Bu haqda Ozodlikka gapirgan toshkentliklar so‘zlariga ko‘ra, banklar foizi odatdagidan ancha kam bo‘lgan qarz taklif qilmoqda, ammo banklardan naqd pul olish imkoni bo‘lmagan, o‘zbek so‘mi kun sayin qadrsizlanib borayotgan bir paytda oddiy aholi kredit olishdan cho‘chib turibdi.
“O‘zsanoatqurilishbank”ning Toshkent shahridagi bo‘limlari “Oddiy aholini tadbirkor qilish” tadbirini boshlab yubordi.
Bu haqda xabar bergan toshkentlik 48 yashar Abduvali Ishoqovning aytishicha, bankning mas’ul xodimlari tasdiqlangan grafikka asosan har bir xonadonga borib, kredit turlari haqida tushunchalar berishga kirishgan:
“Men Uchtepa tumanida yashayman. “O‘zsanoatqurilishbank”ning Qatortol filialidan maktub oldim. Unda aytilishicha, agar menda tadbirkorlik qilish maqsadim bo‘lsa, maktubga ilova qilingan savolnoma to‘ldirib, bankka borishim kerak ekan. Menga eng qulay kredit taklif qilishyapti”, dedi Abduvali Ishoqov.
Aholiga bankdan yuborilgan maktub nusxasi
Bankning Chilonzor tumanidagi filiallaridan birining o‘zini tanishtirmagan mutaxassisi Ozodlik bilan suhbatda, aholiga imtiyozli kreditlar berilayotganini tasdiqladi:
- Haqiqatan ham mebel, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish, ta’lim maskani yaratmoqchi bo‘lganlarga kredit beramiz. Ishlab chiqarishga kredit olish uchun yakka tartibdagi tadbirkor ekanligini rasmiylashtirib, patent olib, bankdan hisob raqami ochsa, biznes reja tuzsa, biz o‘shanga qarab kredit beramiz, deydi suhbatdosh.
Mutaxassis kreditlar foizi odatdagidan ancha past ekanlini aytadi:
- Hozircha kredit foizi yiliga 9 foiz deyapmiz. Uch yil muddatga berilyapti. Lekin, zalogga mashina yoki ko‘chmas mulk qo‘yilishi shart. Zalogga qo‘yilgan mulkka qarab kredit beriladi. Buning hammasi prezidentimizning tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash haqidagi farmonlaridan keyin amalga oshirilyapti, dedi bank mutaxassisi.
Toshkentdagi qurilish mollari bozorida ishlaydigan tadbirkorlardan biri banklar aholiga beradigan kredit foizini deyarli ikki baravarga tushirganini yaxshi tadbir der ekan, ammo bu tadbirkorlikni rivojlantirish uchun omil bo‘lolmasligini aytadi:
- To‘qqiz foiz bu juda yaxshi. Hozir banklar 18 foizgacha kredit beradi. Masalan 100 million olsangiz bir yilda 18 million foiz to‘laysiz. Lekin gap bunda ham emas. Gap banklarda. Masalan, naqd pul bilan plastik kartochkadagi pulning orasidagi farq hozir 20 foiz. Bir yildan keyin 30ga ham chiqadi. Ikkinchidan, banklar pul o‘tkazmalariga 3 foizgacha xizmat haqi oladi. Bu juda ko‘p. Uchinchidan, banklar abonplata, ya’ni hisob raqami ochgandan keyin eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida har oy pulingizdan chegirib oladi. Mana shular tadbirkorning ko‘nglini ishdan sovutadi. Toki bank tizimida islohot bo‘lmas ekan, tadbirkorning ishi olg‘a siljimaydi, dedi tadbirkor.
O‘zbekiston banklarining tadbirkorlikni rivojlantirish uchun aholiga imtiyozli kreditlar berishi prezident Shavkat Mirziyoevning davlat nazorat organlarining tadbirkorlar faoliyatiga noqonuniy aralashayotganini tanqid qilgandan keyin boshlandi.
-U shu yo‘l bilan nafaqat o‘zini, oilasini, balki el-yurtni ham boqadi. Shu ma’naoda tadbirkor haqiqiy fidoiy inson. Shaxsan men bunday odamlarni yoki ikkitagina ish o‘rni yaratgan tadbirkorni boshimga ko‘tarishga tayyorman, - degan edi prezident prokuratura xodimlari yig‘ilishida qilgan chiqishida.
Ammo, Ozodlik suhbatlashgan o‘zbekistonlik tadbirkorlar bank tizimini isloh qilmasdan, naqd va hisob raqamiga o‘tkaziladigan pul o‘rtasidagi farqni tugatmasdan, valyutaning qora bozor va rasmiy kurs o‘rtasidagi katta tafovutni yo‘qotmasdan turib, bu sohada ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishiga ishonmasliklarini aytadilar.