Samarqandlik bankir o‘zi ishlaydigan bankni kuppa-kunduzi to‘nadi

Shavkat Mirziyoev rahbarlarga xos kalondimog‘lik va qog‘ozbozlikni qoraladi. “Kafeda bomba bor” deya yolg‘on xabar bergan toshkentlik fuqaro jazolandi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Shavkat Mirziyoev xalqdan uzilib qolgan rahbarlarni nomma-nom tanqid qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ayrim idoralar va ularning rahbarlari real hayotdan va xalq ehtiyojlaridan uzilib qolganini tanqid qildi (“Xalq so‘zi”, 16 yanvar).

Vazirlar Mahkamasining yil yakuniga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisida ma’ruza qilgan Prezident aksar rahbarlar murakkab muammolarni kabinetdan chiqmasdan, haqiqiy ahvolni chuqur o‘rganmasdan hal etishga odatlanib qolganini qayd etdi. Shuningdek, rahbarlarga xos baland dimog‘lik, qog‘ozbozlik, sansalorlik kabi qusurlarga e’tibor qaratdi.

Ma’ruza asnosida davlat rahbari Bosh vazir o‘rinbosarlari R.Azimov, G‘.Ibragimov, U.Rozuqulov, A.Ikromov, Madaniyat va sport ishlari vaziri B.Ahmedov, Iqtisodiyot vaziri G.Saidova, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri E.G‘aniev, Mehnat vaziri A.Abduhakimov va boshqalarning faoliyatiga doir katta-kichik kamchiliklarni sanab o‘tdi.

Masalan, sog‘liqni saqlash borasida so‘z borarkan, qishloqlarda 2500 nafar vrach yetishmasligi, tibbiy xizmat saviyasi pastligi bois har yili 30 mingdan ziyod o‘zbekistonlik xorijda davolanishga majbur bo‘layotgani va shifokorlar orasida tamagirlik jinoyati ko‘p uchrayotgani tanqid qilindi.

“Faqatgina “g‘alaba raportlari” bilan, shuningdek, muammolarga umuman aloqasi yo‘q, o‘z orzu-istagidagi mavhum narsalarni haqiqat deb ko‘rsatadigan shaxslar tomonidan tayyorlangan axborotnomalar bilan cheklanib qolish mumkin emas” deya katta-kichik rahbarlarni ogohlantirdi O‘zbekiston Prezidenti.

Samarqandda o‘zi ishlaydigan bankni o‘margan bank boshqaruvchisi 7 yilga kesildi

Respublikada faoliyat yuritayotgan banklardan birining Samarqand viloyati Payariq tumanidagi boshqaruvchisi bir qator jinoyatlarda ayblanib mahkamaga tortildi (“Huquq”, 19 yanvar).

Ismi oshkor etilmagan bank mansabdori o‘nlab fuqarolar tomonidan omonat sifatida bankka topshirilgan 152 million so‘m mablag‘ni hujjatlarni soxtalashtirish yo‘li bilan o‘zlashtirgan.

“Katta miqdordagi tekin pullar jig‘ildoniga moydek yoqayotgan boshqaruvchi” kredit to‘lovi sifatida topshirilgan millionlab mablag‘ni ham talon-taroj qilgan. Bundan tashqari, mansabdor bank xazinasida saqlanayotgan 362 million so‘m va 63,5 ming AQSh dollarini qoplarga joylab olib chiqib ketgan. Bank boshqaruvchisi amalga oshirgan jinoyatlarni uzoq davom ettirish mumkin", deb yozadi gazeta.

Bank mansabdori 7 yil ozodlikdan hamda 3 yil rahbar lavozimidan ishlash huquqidan mahrum etilgan.

“Kafeda bomba bor” deya yolg‘on xabar bergan qassob jazolandi

Ichki ishlar bo‘limiga Toshkentdagi kafelardan biriga bomba o‘rnatilgani haqida yolg‘on xabar bergan fuqaro Anvar Rajabov jarimaga tortildi (“Darakchi”, 19 yanvar).

Bu haqda gazetaga Toshkentdagi kushxonada ishlovchi qassob A.Rajabovning o‘zi ma’lum qilgan. Ulfatlar bilan kafeda o‘tirib mast holda uyiga qaytgach, A.Rajabov 102 telefoniga qo‘ng‘iroq qilib o‘sha kafega portlovchi modda qo‘yilganini aytgan.

Shundan keyin huquqni muhofaza qilish xodimlari aytilgan manzilga etib borgan. Kafedagi va yon-atrofda yashovchi aholining tinchini buzgan bu xabar esa yolg‘on bo‘lib chiqqan.

Qayd etilishicha, yolg‘on xabar bois xavfsizlikka mas’ul tegishli guruhlar jalb etilib, 10-15 million so‘m sarflangan.

Qassob A.Rajabov militsiyaga ulfatlarini qoyil qoldirish uchun hazillashib telefon qilgani va qilmishidan pushaymon ekanini bildirgan.