Rossiya poytaxti politsiyasi Yangi Moskva tumanida 1 fevral kuni sodir bo‘lgan dahshatli avtohalokatda 9 kishining o‘limi yuzasidan jinoyat ishi ochdi. Nobud bo‘lgan va jarohatlangan yo‘lovchilar O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston vatandoshlaridir. Ular orasida bir rossiyalik ham bor. Politsiya avariyada uch o‘zbekistonlik mehnat muhojiri nobud bo‘lgani, yana ikkisi reanimatsiyaga tushganini tasdiqladi.
2017 yilning 1 fevralida Yangi Moskva tumanidagi Varshavskiy shossesida sodir bo‘lgan avariyada 9 kishi xalok bo‘ldi, 3 kishi og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizildi.
Mazkur hodisa yuzasidan jinoiy ish ochildi. Tergovchilar dastlabki taxminlariga ko‘ra, soat 15:30 larda Qirg‘iziston davlat raqamlariga ega Toyota avtomobili yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib, kelayotgan UAZ mikroavtobusi bilan yuzma-yuz to‘qnashib ketgan. Politsiya rasmiy xabariga ko‘ra, hodisa joyiga ikkita vertolyot chaqirtirilgan.
- Ikkita trasport vositasi to‘qnashishi oqibatida, ulardan biri yonib ketdi. Dastlabki ma’lumotlarga binoan, yo‘l-transport hodisasi natijasida 8 kishi nobud bo‘ldi, yana 4 kishi tibbiyot muassasalariga gospitalizatsiya qilindi. Mazkur trassada avtotransport harakatlanishi vaqtinchalik qiyinlashgan, dedi jurnalistlar oldida qilgan chiqishida Moskva shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi rasmiysi Lyubovь Visotskaya.
Keyinroq, avariyada og‘ir jarohat olganlardan biri shifoxonada jon bergani ma’lum bo‘ldi.
Avtohalokatda to‘qnashgan UAZda uch kishi kuyib halok bo‘ldi, Toyota minivenida – besh kishi halok bo‘ldi.
Politsiya ochiqlagan ma’lumotga ko‘ra, UAZ avtomashinasi qirg‘izistonlik ishchilarni shu atrofda joylashgan migratsiya markaziga olib ketayotgan bo‘lgan.
Rossiya Tergov qo‘mitasi Jinoyat Kodeksining 264 moddasi 5 qismi, ya’ni “Yo‘l harakati va transport vositalari ekspluatatsiyasi qoidalarining buzilishi oqibatida ikki va undan ortiq odamlarning o‘limi” asosida jinoiy ish ochdi.
Ozodlik turli manbalardan tasdiqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, avtohalokatda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston vatandoshlari nobud bo‘lgan. Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi hodisada Toyota haydovchisi bo‘lgan bir nafar qirg‘izistonlik og‘ir jarohat olganini ma’lum qildi.
Ozodlik o‘z manbalaridan hodisada 3 o‘zbekistonlik mehnat muhojiri nobud bo‘lgani, yana ikkisi reanimatsiyada ekanini aniqladi.
O‘lganlar orasida:
1. Akbarov Shavkatjon, 1995 y.t., O‘zbekiston.
2. Sagizov Baxtiyor, 1987 y.t., Tojikiston.
3. Qo‘ziev Abduaziz, 1984 y.t., O‘zbekiston.
4. Haytmatov Jamshid, 1997 y.t., O‘zbekiston.
5. Sergeev Boris, 1956 y.t., Rossiya Federatsiyasi, Chuvashiya.
Turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilganlar:
1. Mahamadiev Sarvar, 1986 y.t., O‘zbekiston.
2. Qilichbek Uulu, 1994 y.t., Qirg‘iziston.
3. Alimqulov Yo‘ldosh, 1988 y.t., O‘zbekiston.
Shifokorlar shifoxonaga yetmasdan jon taslim qilgan yo‘lovchining shaxsini ochiqlaganmadi.
Toyota avtomobili va UAZdagi yong‘inda kuyib ketgan yana 3 yo‘lovchi shaxsi va vatandoshligi ham aniqlanganicha yo‘q.