Samarqandlik jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullaevning elektr uzilishlari haqidagi tanqidiy maqolasidan so‘ng shahar ta’minotidagi cheklovlar bekor qilindi. Jurnalistning Ozodlikka aytishicha, hokimiyatda o‘tgan yig‘ilishda uning nomi alohida tilga olingan va ta’minot tiklangach, shahar Elektr idorasi rahbari unga qo‘ng‘iroq qilib, bu haqda xabar bergan.
Ozodlik bilan suhbatda samarqandlik jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullaev elektr energiyasi taqchilligi bo‘yicha yozgan tahliliy maqolasini 16 yanvar kuni Internet nashrlarida e’lon qilgani va shundan so‘ng shahar ta’mnotida uzilishlarga chek qo‘yilganini aytdi.
"25 yanvar kuni Samarqand viloyat Xalq deputatlari kengashi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyaga hozir Bosh vazir o‘rinbosari bo‘lib ishlayotgan, viloyatning sobiq hokimi Zoir Mirzaev kelgan. "Meni prezident Shavkat Miromonovich Sapmarqanddagi elektr energiyasi ta’minoti bo‘yicha shikoyatlar va Toshpo‘lat Rahmatullaevning maqolasi bo‘yicha aniqlik kiriting, deb jo‘natdi", degan. Buni menga aytishdi. 1 - 2 kun o‘tgandan keyin viloyat Elektr tarmoqlari idorasi rahbari qo‘ng‘iroq qilib: "O‘zbekenergo" tashkiloti Samarqanddan limitni olib tashladi. Shaharga berilayotgan energiya 80 MegaVattga ko‘paydi", dedi. Shundan beri shaharda ta’minot yaxshilandi", dedi Toshpo‘lat Rahmatullaev.
Samarqandda elektr taqchilligi haqidagi tahliliy maqolasi chop etilgach, jurnalist prokuraturaga chaqirtirilgani xabar qilingan edi.
Rahmatullaevning bugun aniqlik kiritishicha, prokuratura xodimi u bilan qisqa suhbat qilgan va unga nisbatan hech qanday bosim yoki huquqbuzarlik holatlari sodir etilmagan.
16 yanvar kungi maqolasida jurnalist shaharda elektr toki bir sutkada kamida 12 marotaba 13-15 daqiqaga uzilganini yozgan, elektr uzilishlari daqiqama-daqiqa aks etgan va uning o‘zi tuzgan jadvalni e’lon qilgan edi.
Maqolada jurnalist Samarqand shahri va viloyatining "O‘zbekenergo" shirkatidan qarzi 650 milliard so‘mdan (davlat kursida 200 million, "qora bozor" kursida 95,3 million AQSh dollari) ko‘proq, deb yozgan edi.
Masalani o‘rgangan jurnalist viloyatda elektr toki uzilishini aynan shu qarzdorlik bilan bog‘liq, deb hisoblamoqda.
Quyida jurnalist bilan suhbatni tinglang:
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Т.Раҳматуллаев: Мақоладан сўнг, Самарқандда электр чекловини олиб ташлашди