Rossiya Internet foydalanuvchilarini tobora qattiq nazorat qilmoqda. Inson huquqlari uchun kurashuvchi guruhning bildirishicha, Rossiya sudlari o‘z siyosiy qarashlarini izhor qilganlarni og‘ir jazolarga hukm qilmoqda.
“Agora” guruhi 7 fevral kuni e’lon qilgan hisobotda “Rossiya rasmiylari Internetni urush maydoni o‘laroq ko‘ra boshlashdi” hamda kichik tanqidlarni ham “qurolli hujumdek” baholashadi deyiladi.
“Agora” guruhiga taxminan 50 tajribali huquqshunos a’zo bo‘lib, ular taniqli ishlarni, jumladan, Pussy Riot pank-rok guruhi hamda radikal san’atchi Pyotr Pavlenskiy ishlarida ishtirok etishgan.
“Agora” guruhiga ko‘ra, Kremlь borgan sari Runet, ya’ni Internetning rus tilidagi segmentida o‘zi “dushman” deb bilgan shaxslarni mo‘ljalga olmoqda, senzurani kuchaytirmoqda, Rossiyaning 66-84 million Internet foydalanuvchisiga bosim o‘tkazmoqda.
Guruh 2016 yilda Internetda o‘z qarashlarini izhor qilgan olti nafar shaxsga qarshi jinoiy ish ochilganini aniqlagan. Bu shaxslarning to‘rt nafari ozodlikdan mahrum qilingan.
Bundan tashqari, guruh o‘tgan yil davomida siyosatchilar va rasmiylarning Internetni yanada qattiqroq nazorat qilishga chaqiruvchi 97 qonun loyihasini qayd etgan. Yil davomida mamlakatda Internet erkinligini cheklash, ya’ni ma’lumotlarni filtrlash yoki bloklash bilan bog‘liq 116 103 holat aniqlangan.
“Bularga asoslanib, ishonch bilan Runet harbiy holatga kirib qolganini ta’kidlay olamiz”, deyiladi “Agora” hisobotida.
Rossiya hukumati tashqi xavf-xatarlarga ham e’tibor qaratadi. Federal xavfsizlik xizmati 70 million onlayn hujum oldini olib qolganini bildirdi. “Agora” guruhi esa bu raqamga shubha bildirdi.
Guruh hisobotida Rossiya fuqarolariga qarshi ochilgan jinoiy ishlar tafsilotlari keltirilgan. Bular orasida jurnalist va blogger Aleksey Kungurov ishi ham bor. Kungurov Rossiyaning Suriyadagi harbiy amaliyotlarini Internetda tanqid qilgani uchun harbiy sud tomonidan ikki yilga qamalgan.
Dekabrь oyida Tyumen shahrida istiqomat qiluvchi Kungurov LiveJournal saytida terrorizmni himoyalashda aybdor deb topildi.
Tver shahrida yashovchi muhandis Andrey Bubaev esa o‘tgan yilning may oyida ikki yilu, uch oyga ozodlikdan mahrum etildi.
Bubaev Ukrainani qo‘llovchi maqolani hamda ostiga “O‘zingizdan Rossiyani siqib chiqaring”, deb yozilgan tish pastasi suratini Internetda bo‘lishgani uchun ekstremizmni qo‘llashda hamda Rossiyaning hududiy birligini buzishda aybdor deb topildi.